Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat olimpiadalarining gʻolib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini ragʻbatlantirish boʻyicha qaror qabul qilganini maʼlum qildi.

Qarorga muvofiq, chempionlar Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov uy va avtomobil bilan taqdirlanadi.

Parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zayniddinovga ham uy-joy va avtomobil beriladi.

«Albatta, mashina ham kerak-ku, lekin kelajak kelinlar uchun uy ham kerak», – deya hazil qildi davlat rahbari.

Shuningdek, jamoa murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuhamadov ham avtomobil bilan mukofotlanishi qoʻshimcha qilindi.

Bundan tashqari, prezidentning «vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi, mahorati va jasorati uchun bir guruh shaxmatchilar, ularning ustozlari va soha vakillarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisida»gi farmoni boʻyicha Olimpiada chempioni boʻlgan har bir shaxmatchi 200 ming dollar, ularning murabbiylari 50 ming dollar miqdorida pul mukofoti oladi. Bronza medalini qoʻlga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan beriladi.

«Shaxmatchi va parashaxmatchilarimiz bugunning oʻzida yangi mashinalarini haydab, yangi uylariga kirib borishadi», – dedi davlat rahbari.

Bu mukofotlar faqat bugungi gʻalabaning eʼtirofi emas, balki oldinda turgan yanada baland marralarga bildirilgan katta ishonch ramzi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Mamlakat yetakchisi sportchilarning ota-onalari, ustoz va murabbiylari hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

«Ilohim, gʻalabalarimiz bardavom boʻlsin! Doimo sogʻ-omon boʻlinglar, aziz farzandlarim!» – dedi prezident uchrashuv yakunida.