2020 yil 14 dekabrda Vazirlar Mahkamasining «Elektron turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, «E-polis» (elektron sug‘urta xizmati) – bu sug‘urta polisining internetdan sotib olingan va elektron shaklda muomalaga chiqarilgan ko‘rinishi. «E-polis»ni sotib olish uchun internetga ulangan kompyuter, noutbuk, smartfon yoki boshqa qurilmaga ega bo‘lishning o‘zi kifoya hisoblanadi. Yuridik jihatdan elektron va qog‘oz shaklidagi polis bir xil kuchga ega.
«E-polis»ning afzalliklari haqida
1. Vaqt va mablag‘ iqtisod qilinadi. Mazkur sug‘urta polisini sotib olish uchun faqatgina internetga ulanishning o‘zi kifoya, sug‘urta kompaniyasiga borish talab etilmaydi, shuningdek, onlayn to‘lov qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, polisning xarajatlari amaldagi sug‘urta turlariga nisbatan birmuncha arzon bo‘lishi kutilmoqda.
2. Elektron hujjatni, ya'ni polisni yo‘qotib qo‘yish xavotirli emas. Polis rasmiylashtirilgandan so‘ng, «E-polis»ni sug‘urta qildiruvchi istagan paytda o‘zining mobil qurilmasiga qaytadan yuklab olishi yoki tekshirishi mumkin. Buning uchun SMS-xabarnoma yuborilgan raqam yoki elektron pochta manzilini ko‘rsatishning o‘zi yetarli.
Ma'lumot uchun: Qog‘oz shaklidagi polis yo‘qotib qo‘yilsa, sug‘urta kompaniyasi ofisiga borish va belgilangan 10 foiz jarima to‘lash so‘raladi. Yangi turdagi polisda bu shart mavjud emas.
3. «E-polis»ni rasmiylashtirishda firibgarlik qurboni bo‘lish ehtimoli minimal darajada bo‘ladi (qog‘oz shaklidagi polis sotib olishda sug‘urta agenti tomonidan aldanish ehtimoli mavjud).
4. Faqatgina bir nechta yoki deyarli bitta sug‘urta kompaniyasining ofisi mavjud bo‘lgan olis hududlardagi fuqarolar uchun eng afzal sug‘urta kompaniyasini tanlash va aynan o‘zi xohlagan kompaniya bilan sug‘urta agentlari ishtirokisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati yaratiladi.
5. Sug‘urta mukofoti tizimdagi sug‘urta hisoblagichi yordamida taqdim etilgan ma'lumotnoma asosida avtomatik hisoblanadi.









