«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, Anqarada Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turkiya Savdo vazirligi oʻrtasida savdo masalalari boʻyicha ishchi guruhning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Muzokaralarda amaldagi tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish, mahsulotlarni ikki davlat bozoriga olib kirish shartlarini yengillashtirish choralari koʻrib chiqildi. Qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va yengil sanoat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar texnik tartibga solish, standartlashtirish va mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash sohalaridagi hamkorlikni ham muhokama qildi. Xususan, muvofiqlik sertifikatlarini oʻzaro tan olish va bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Elektrotexnika mahsulotlariga qoʻyiladigan texnik talablar va ularning muvofiqligini baholash bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal qilish uchun soha mutaxassislaridan iborat texnik ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimning kengaytirilgan tahririni imzolash yuzasidan texnik maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

Yigʻilish yakunida erishilgan kelishuvlarni aks ettiruvchi bayonnoma imzolandi.