DW xabariga koʻra, Tramp bu fikrlarni 13-oktabrga oʻtar kechasi jurnalistlar savollariga javob berayotib bildirgan.

Muxbirlardan biri Rossiya Ukrainaga hujumlarni davom ettirayotgan bir paytda AQSH prezidenti Putinning murosaga tayyorligini nimada koʻrayotganini soʻragan.

«Oʻylashimcha, ular kelishib oladi. Men haqiqatan ham Putin kelishuv tuzishga Zelenskiydan koʻproq qiziqmoqda, deb hisoblayman», - degan Tramp.

U oʻzi eʼlon qilgan energetika obyektlariga zarbalarni toʻxtatish tartibi Rossiya tomonidan buzilgani haqidagi savolga vaziyatni avval oʻrganish kerakligini aytgan.

«Chunki qoidabuzarliklar har ikki tomondan boʻlgan», - degan AQSH prezidenti. Keltirilgan xabarda Tramp bu fikrini tasdiqlovchi aniq misollarni sanab oʻtmagan.

Putinni «energetik sulh»ga rioya qilishga qanday undashi haqidagi qoʻshimcha savolga Tramp Rossiya rahbari kelishuvni xohlayotgani, bunga Zelenskiyni koʻndirish kerakligi haqidagi fikrini takrorlagan.

Zelenskiy esa avvalroq AQShni Rossiyaga taʼsir oʻtkazishga va energetika sohasidagi sulhga amal qilinishini taʼminlashga chaqirgan edi.

«Amerikaliklar qanday aniq qadamlar tashlashga tayyorligini kutyapmiz», - degan Ukraina prezidenti Varshava xavfsizlik forumidagi nutqida.

Uning aytishicha, Kiyev 11-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda energetika obyektlariga barcha hujumlar zudlik bilan toʻxtatilishi haqidagi xabarlarni koʻrib hayratlangan. Zelenskiy ushbu bayonotdan keyin Rossiya Xarkivdagi issiqlik elektr stansiyasiga zarba berganini taʼkidlagan.

12-oktabr kechqurun Ukraina prezidenti Telegram’da Kiyev energetika obyektlariga zarbalarni toʻxtatish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor bildirgan.

«Ukraina AQSH prezidenti eʼlon qilganidek, energetika boʻyicha oʻt ochishni toʻxtatishni kafolatlashga tayyor. Rossiya ham tegishli qadamlarni tashlashi kerak», - deb yozgan Zelenskiy.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya tomonidan eʼlon qilingan shartlar bajarilayotgani hozircha qayd etilmagan. Zelenskiy keskinlikni pasaytirishda AQSH pozitsiyasi muhimligini taʼkidlab, Moskvaga bosim oʻtkazish zarurligini aytgan.