Shoygu Rossiyada qisman safarbarlik tugaganini e’lon qildi
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Putinga qisman safarbarlik tugagani haqida bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejalashtirilganidek, 300 ming zaxirachi safarbar etilgan.
Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga qisman safarbarlik tugallangani haqida bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jami, rejalashtirilganidek, 300 ming zaxirachi safarbar etilgan. Ulardan 218 ming nafari harbiy tayyorgarlikdan o‘tmoqda, 82 ming nafari Ukrainadagi jangovar hududlarga yuborilgan. Bundan tashqari, Mudofaa vaziri endi faqat kontraktchi askarlar safarbar qilinishiga va’da berdi.
Vazir safarbar etilganlarning 1300 nafari ijro hokimiyati idoralari xodimlari, 27 mingdan ziyodi tadbirkorlar ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, 13 ming fuqaro chaqiruvni kutmay, ko‘ngilli sifatida frontga jo‘naganini aytdi.
«Bugun safarbarlikka chaqirilgan fuqarolarni jo‘natish yakunlandi. Fuqarolarga chaqiruv qog‘ozi yuborish ham to‘xtatildi. 300 ming kishini safarbar qilish uchun qo‘ygan topshirig‘ingiz bajarildi. Qo‘shimcha topshiriqlar rejalashtirilmagan», — dedi Mudofaa vaziri Putinga.
Qisman safarbarlik doirasida chaqirilganlarning o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil etadi, dedi vazir. Shuningdek, safarbar qilingan jangchilar jangovar faxriylar maqomi va «tegishli ijtimoiy imtiyozlar paketini» olishini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, Mudofaa vaziri safarbarlikning dastlabki bosqichida ta’minot bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani, hozirda ular bartaraf etilganini ta’kidladi. Bunga javoban Vladimir Putin harbiy ro‘yxatga olish va qabul qilish bo‘limlari ishi bilan bog‘liq tizimni modernizatsiya qilish zarurligini aytdi.
Vladimir Putin 21 sentabr kuni qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Keyinroq, Sergey Shoygu «maxsus operatsiya»da ishtirok etish uchun 300 ming kishi chaqirilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, prezidentning farmonida qancha odam safarbar qilinishi haqida aniq ma’lumot yo‘q edi. Farmonning 7-bandi «rasmiy foydalanish uchun» sarlavhasi bilan oshkor qilinmadi. Biroq, prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu bandda safarbarlik vaqti va «300 minggacha odam soni» nazarda tutilganini aytdi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024