Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, matbuot anjumanida «80 ming dollar olayotganda qo‘lga olingani» aytilgan viloyat SSB boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovning o‘zi ham qatnashgan va OAV vakillarining savollariga javob bergan.
«So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatildi. Ayrimlar 80 ming dollar haqida yozishdi, ular bu summani qayerdan olishdi bilmayman», deydi D.Jumaniyozov.
D.Jumaniyozovning aytishicha, u haqda tuhmat xabar tarqatgan shaxslar haqida huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilingan. Xabarni tarqatganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ulardan biri, samarqandlik shaxs ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo‘llangan. Hozirda ichki ishlar va prokuratura organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
«Bunday tuhmat xabarlar oldin ham 1-2 marta tarqatilgan va biz e’tibor bermagan edik. Bu safar indamay o‘tib keta olmadik. Hozir shu tuhmat xabar birinchi bo‘lib kimdan chiqqani qidirilyapti. Barchasi oydinlashgach qo‘shimcha ma’lumot beramiz», degan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.







