Darslik yaratish mas'uliyatli va murakkab vazifa. Uni yaratishda olimona fikrlar bilan birga pedagogik mahorat, metodist qarashi ham juda-juda zarur. Uzluksiz ta'lim tizimi uchun yaratilgan darsliklar biri-ikkinchisini takrorlamasligi, aksincha mazmunan to‘ldirishi, o‘quvchi bilimini bosqichma-bosqich yuksaltirishga xizmat qilishi lozim. Shu nuqtai nazardan umumta'lim maktablari uchun yaratilgan “Adabiyot” darsliklarini tahlilqilishda davom etsak... (dastlabki 5-sinf “Adabiyot” darsligi tahliliga bag‘ishlangan maqola “Darakchi” gazetasining 2017 yil 27 aprel sonida bosilib chiqqan. Ushbu maqolani ta'lim tizimi va o‘qituvchi-murabbiylar nashri bo‘lgan “Ma'rifat” gazetasi sahifalarida ko‘rishni orzu qilgan edik. Maqola tahririyat stolida bir necha oy navbatini kutdi, lekin chop etilmadi).

Ayrim darsliklar avvalida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi berilishi odatiy tusga kirgan. 5-sinf “Adabiyot” darsligida madhiya berilmagani holda 6-8-sinf darsliklarida mavjud. 7-9-sinf darsliklarida esa berilmagan. Bizningcha, davlat madhiyasi yoki har bir sinf darsligida berilishi kerak yoki faqat 5-sinfda berish bilan kifoyalanish kerak. 

2013 yil “Ma'naviyat” nashriyotida chop etilgan S.Ahmedov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev hammuallifligidagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 6-sinfi uchun “Adabiyot” darslik-majmuasini varaqlar ekanmiz, besh sahifadan iborat kirish qismi bu yoshdagi o‘quvchi uchun ko‘plik qilmasmikan, degan mulohazaga bordik. 

5-sinf “Adabiyot” darsligiga kiritilgan yozuvchi yoki shoir ijodi 6-sinfda davom ettirilsa, avvalgi sinfda berilgan ma'lumotlar to‘ldirilishi, boyitilishi lozim. Afsuski, 6-sinf darsligidagi ayrim  ijodkorlarning tarjimai holi aynan takrorlangan yoki yangi ma'lumotlar bilan boyitilmagan. Hatto ayrim o‘rinlarda salmoqli hajmdagi matnlar, adib hayoti va ijodi yuzasidan berilayotgan savol-topshiriqlar ham hech bir o‘zgarishsiz keyingi sinf darsligiga ko‘chib o‘tgan. Buni Muqimiy, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov tarjimai holi misolida kuzatish mumkin. Fikrimizning isboti uchun bir-ikkita misol keltiramiz: “Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy 1850-yilda Qo‘qon shahrida Bekvachcha mahallasida novvoy oilasida tug‘ilgan. 

Muqimiy dastlab o‘z mahallasida mulla Abduhalil maktabida tahsil  oladi. Shoirning ilm o‘rganishi va badiiy ijodga erta qiziqishida uning volidasi, qobiliyatli ayol Oyshabibi aytib bergan ko‘plab ertak va qo‘shiqlarning ta'siri kuchli bo‘lgan. Muqimiy dastlab Qo‘qondagi “Hokim oyim” madrasasida  ta'lim oladi. 1872-1873 yillarda Buxoroga borib, u yerdagi “Mehtar anbar” madrasasida o‘qishni davom ettiradi. 1876 yilda o‘qishni tamomlab, Qo‘qonga qaytadi. Uylanadi. Shoir dastlab yer qurilishi  mahkamasida mirzalik, so‘ngra Sirdaryo yoqasida joylashgan Oqjardagi paromda pattachilik qiladi...“ (1-qism, 91-92-betlar).