Samarqandda kulolchilik neolit davridan buyon mavjud bo‘lsa-da, uning eng rivojlangan davrlari eramizning IX–XII asrlarga to‘g‘ri keladi. Sanoat rivojlangan davrga kelib bu soha ancha susaydi, so‘nggi o‘n yilliklarda uning ayrim ko‘rinishlari hatto yo‘qolib ketish xavfi ostida qoldi.
Ana shunday paytda kulollar sulolasini davom ettirib kelayotgan hunarmand oilalar o‘z maktabini tashkil etdi. Ulardan biri – Bobomurodovlar sulolasi.
Ilhom Bobomurodov yuksak iste'dod egasi bo‘lgan usta kulollardan biri. Uning ustaxonasida bo‘lar ekansiz, butun kulolchilik sohasining jozibasi ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Oddiy loydan shu qadar chiroyli san'at asari yaratilishi sizni hayratga soladi.



Terakota va sirlangan idish-tovoqlar, turli ro‘zg‘or buyumlari, ertak-afsona qahramonlari ustaxonaga terib qo‘yilgan. Ayni shu ustaxonada turli ranglarda ishlangan sopol laganlar bugun Samarqanddagi ko‘plab restoranlarda ishlatiladi.
Loydan yaralgan bu asarlarning asosiy ishtiyoqmandlari – sayyohlar.


Sulola davomchilaridan Ilhom Bobomurodovning o‘g‘li Mehrojiddin bizga kulolchilik maktabi haqda qisqacha so‘zlab berdi.
«Qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlarga butun dunyoda qiziqish juda yuqori. Maktabimizga bugungacha Turkiya, Rossiya, Yaponiya, Qatar va yana ko‘plab mamlakatlardan sohaga qiziquvchilar kelib tajriba almashgan. O‘zimiz ham dunyoning turli davlatlariga borib ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelamiz.
Bizning kulolchilik yo‘nalishimiz Afrosiyob uslubi deyiladi. Dadam bu uslubda kulolchilik maktabini yaratgan O‘zbekiston xalq rassomi, usta kulol Umar Jo‘raqulovning shogirdi hisoblananadi.
Biz ushbu mahsulotlarni ommaviy chiqarishni emas, balki milliy qadriyatlarga tayanib, zamonaviy va qadimiy uslubni mujassam etgan holda saqlab qolishga harakat qilamiz», – deydi u.




















