Jamiyat | 15:25 / 13.09.2022
23910
4 daqiqa o‘qiladi

Gulnora Karimovaning 1,3 mlrd dollarlik aktivlari hisobiga 1400 ta maktab qursa bo‘ladi - Adliya vaziri o‘rinbosari

Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklarining Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlari qiymati 1,3 mlrd dollarga teng. Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘larga 1400 ta maktab qurish mumkin.

Foto: Valeriy Levitin / RIA «Novosti»

Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning Shveytsariyada joylashgan aktivlardan tashqari boshqa xorijiy davlatlardan ham jinoiy aktivlarini qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Adliya vaziri o‘rinbosari  Muzraf Ikromov ma’lum qildi.

Jinoiy aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Adliya vaziri o‘rinbosari fikricha, mazkur pullar 14,3 trillion so‘mni tashkil etib, ularning hisobiga 1400 tadan ortiq maktab qursa bo‘ladi.

Fransiya Respublikasi

Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021 yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh a’zolariga tegishli ko‘chmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasrlar) sotilishi natijasida 20 million AQSh dollariga teng pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarildi.

Belgiya Qirolligi

Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli bo‘lgan aktivlar joylashgan. Ularni qaytarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Belgiyada tergov jarayoni tugamagani sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko‘p ma’lumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo‘lgan 10 million funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko‘rib chiqish jarayonida.
 
Latviya Respublikasi

Latviya Respublikasida ham bir talay aktivlar mavjud. Latviya sud organlari tomonidan 2018 yili O‘zbekiston Respublikasida chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni O‘zbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan olingan. 

Aktivlar 15 million AQSh dollariga teng mablag‘lar, 850 unsiyaga (24,1 kg.) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmuadan tashkil topgan.

Qayd etilishicha, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshmayapti. Masalan, Latviyadagi yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo‘yicha ishlar qat’iy izchillik bilan davom ettirilmoqda.
 
Rossiya Federatsiyasi

2021 yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlar (6 ta xonadon) O‘zbekiston daromadiga o‘tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan. 

Hozirgi paytda, ushbu ko‘chmas mulk obektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda. Sotish natijasida kelib tushgan pul mablag‘lari O‘zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo‘linishi Moskva shahar sudining qarorida o‘z aksini topgan.

Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarda ham Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklari tomonidan noqonuniy orttirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Jinoiy aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.

Vazirlik baholariga ko‘ra, hozirgi kunga kelib, mazkur pullar 14,3 trillion so‘mni tashkil etadi va ularning hisobiga 1400 dan ortiq maktab qursa bo‘ladi.

Bundan oldinroq Gulnora Karimovaning Shveytsariyada undirilishi lozim bo‘lgan aktivlari qiymati taqriban 686 million AQSh dollariga teng ekani xabar qilingandi.

Hozirda shundan 131 mln dollari qaytarilmoqda va ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiriladi. Ushbu jarayonni nazorat qilish uchun xalqaro tashkilotlar, NNTlar, jurnalist va blogerlardan iborat kengash tuzilgan.

Mavzuga oid