“O‘zbekiston – 2030 strategiyasini Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab qator pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Bunda, ustama Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchilarga to‘lanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejyerlik bo‘yicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etilishi belgilandi. Direktor har besh yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, davlat dasturi loyihasida sertifikatga ega ona tili va abadiyot hamda tarix fani o‘qituvchilariga ustama to‘lash 2024/25 o‘quv yilidan boshlanishi ko‘zda tutilgandi.











