O‘zbekiston | 16:19 / 15.05.2020
20318
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta'mirlab beriladi

Sardobadagi suv toshqinidan jabr ko‘rgan oilalar uchun uylar davlat tomonidan bepul qurib beriladi, uylar 1 sentyabrgacha qurib bitkazilishi rejalashtirilmoqda. Uylari zararlangan odamlarning hovlilari o‘zlarida qoladi.

Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov bo‘lganini, Hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

«Bu ishlarni tashkil etish va Sirdaryo xalqidan xabar olish uchun bugun to‘rtinchi marta sizlarning oldingizga keldim. Har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turibman, telefon orqali hisobot olyapman», degan davlat rahbari.

Aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni ta'mirlash hamda yangi turar joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani ta'kidlandi.

«Ta'mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta'mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta'mirlangan hovli-joylariga 1 sentyabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi», degan prezident.

Ma'lumot uchun, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun uchta massivda jami 2 640 kvartirali 66ta 5 qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.

Bugun prezident Sardoba tumanidagi «Do‘stlik» mahallasida barpo etiladigan 1480 xonadondan iborat 37ta uy uchun tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Mavzuga oid