18:34 / 27.08.2020
91808

UzAuto Motors'ning yana bir avtomobili bo‘yog‘i sifatsiz chiqdi. Avtosalon xaridorni aybdor qildi

«Yangi «Lacetti»ning bo‘yoqlari olti oyga yetdi, xolos. Avtomashinaning 30-40 yil xizmat qilgan avtoulovlardan sira farqi qolmadi. Iste'molchi ekspertiza o‘tkazilishini talab qildi, ammo avtomashina almashtirilmadi, aksincha iste'molchi aybdor qilindi», deb xabar beradi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkentda avtosalondan yangi «Lacetti» sotib olgan iste'molchining huquqi buzilgani haqida xabar berdi.

Unga ko‘ra, iste'molchi Z.A. xarid qilgan «Lacetti»ning lak bo‘yoqlari har yeridan ko‘chib tusha boshlagan. Avval tom qismi, oldi kapoti, keyinchalik boshqa ustki qismlarida ham shunday bo‘lgan.

Agentlik xabariga ko‘ra, mashina xuddi 30-40 yil xizmat qilgandek holatga kelib qolgan. Avtosalon esa jiddiy nuqsonga ega «Lacetti»ni kafolat muddatida yangisiga almashtirib bermagan. Aksincha, avtomashinani yuvish jarayonida bo‘yog‘iga shikast yetkazgan, degan bahonani ko‘rsatgan. Ammo iste'molchi avtomashinasini ehtiyotlab, nuqsonlar kelib chiqmasligi uchun o‘z vaqtida unga qarab turgan.

«Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining koll-markazi orqali kelib tushgan mazkur murojaat agentlikning Toshkent shahar hududiy tuzilmasiga yo‘naltirildi. Shundan so‘ng «Uzauto Motors» AJ hamda «Sergeli-Avtotexxizmat» MChJlarga tegishli so‘rov xatlari yuborilib, ularni jalb etilgan holda O‘zbekiston Respublikasi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida Chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 75-sonli qarori talablaridan kelib chiqqan holda o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish davomida, masala oydinlashdi va «Sergeli-Avtotexxizmat» MChJ o‘rtasida 2019 yil 23 sentyabrda tuzilgan shartnomaga asosan nuqsonli avtomobil 2020 yil 18 avgust kuni xuddi shunday yangi «Lacetti L-Elegant/AT Plus» avtomobiliga (2020 yil 19 avgust holatiga 138 126 000 so‘m) almashtirildi hamda qaytadan rasmiylashtirib berildi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz shu yilning mart va iyul oylarida ham shunga o‘xshash holatlarni yoritgan edi. Tanqidiy maqolalardan so‘ng dastlab «Cobalt» olgan andijonlik fuqaroga, keyinroq Toshkentda salondan yangi «Lacetti» xarid qilgan shahrisabzlik fuqaroga yangi avtomobil berildi. Har ikki holatda ham birinchi berilgan avtomobilning bo‘yog‘i sifatsiz bo‘lgan.

Top