Urganch tumanida kuzatuvchilarga saylov bayonnomasi berilmadi – ovozlar soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin
Xorazm viloyati, Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘idagi 29-okrugning 432 va 433-uchastkalarida o‘tkazilgan saylov jarayonida ishtirok etgan kuzatuvchilarga ovoz berish natijalari qayd etilgan bayonnoma berilmasdan chiqarib yuborilgan. Saylovchilarning ovozi bir nomzod foydasiga soxtalashtirilgan bo‘lishi ham mumkin.
22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi. Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘idagi 29-okrugning 432-saylov uchastkasida kuzatuvchi sifatida qatnashgan, Urganch tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDep tomonidan nomzodi qo‘yilgan Alisher Qalandarovning vakili Quvonch Sherjanova shikoyatiga ko‘ra, saylov qonunchiligi qo‘pol tarzda buzilgan.
«432-uchastkadagi saylovdan keyin ovozlarni sanash jarayonini kuzatib turdim. Uning natijalarini qog‘ozga yozib olishga muvaffaq bo‘ldim. Ammo videoga olishga ruxsat berishmadi, «mumkin emas» deb aytishdi. O‘zLiDep vakili Alisher Qalandarovga 840ta ovoz berildi. XDP tomonidan nomzodini qo‘ygan, Urganch tumani hokimi o‘rinbosari Barno Berdiyeva 311ta ovoz oldi», - dedi Sherjanova.
Biroq Sherjanovaning so‘zlariga ko‘ra, 432-uchastkadagi ovozlarni sanash jarayoni natijalari shu joyning o‘zida zudlik bilan bayonnomaga kiritilmagan va kuzatuvchilarga berilmagan.
«Uchastka saylov komissiyasi raisi Kuranmurat Matrazov bizga bayonnomaning bir nusxasini bermadi. «Ertaga olasizlar», dedi. Shundan so‘ng, kuzatuvchilarni saylov uchastkasidan chiqarib yuborishdi. Biroq ertasi kuni ham bayonnomani ololmadik. Kuranmurat Matrazov: «Menga bayonnomani hech kimga bermaslik to‘g‘risida tuman komissiyasi raisi Baxtiyor Bekchanovdan topshiriq bo‘ldi», dedi».
Shundan so‘ng, Baxtiyor Bekchanov oldiga borib, bayonnomani so‘raganimda «10 kundan keyin olasizlar», dedi. 23 dekabr kuni bu haqda Urganch tumani prokuraturasiga shikoyat qildim. Shu kuni soat 21:00da meni prokuraturaga chaqirishdi. Borsam, Baxtiyor Bekchanov «hozirgina to‘ldirildi», deb bayonnomani olib kelgan ekan. Shunda undagi raqamlar umuman o‘zgarganini, Alisher Qalandarovga berilgan ovozlar soni 540ta bo‘lib qolganini, Urganch tumani hokimi o‘rinbosari Barno Berdiyeva eng ko‘p, 1159ta ovoz olgan deb ko‘rsatilganini ko‘rdim. Demak, Qalandarovdan 300ta ovoz olib tashlangan, Berdiyevaga esa 848ta ovoz qo‘shilgan bo‘lib chiqmoqda», - dedi Sherjanova.
432-uchastkadagi saylov komissiyasi a'zosi Hoji Bobojonov ovozlarni sanash jarayonida Alisher Qalandarov eng ko‘p – 840ta ovoz to‘plaganini tasdiqladi.
«432-uchastkada saylov komissiyasi a'zosi sifatida ishtirok etdim. Partiya vakillari ham jarayonni kuzatib o‘tirishdi, natijalarni qog‘ozga yozib olishdi. Telefon orqali videoga olishmoqchi bo‘lganida, ularga ruxsat berilmadi, «mumkin emas» deb aytildi. Eng ko‘p ovoz olgan nomzod kim bo‘ldi? Alisher Qalandarov – 840ta ovoz oldi. Sanashda o‘zim ham ishtirok etdim», - dedi Bobojonov.
432-saylov uchastkasiga qo‘shni bo‘lgan 433-saylov uchastkasida ham shunga o‘xshash holat yuz bergan. Urganch tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDep tomonidan nomzodi qo‘yilgan Alisher Qalandarovning vakili sifatida qatnashgan Komiljon Yo‘ldoshev so‘zlariga ko‘ra, ovozlar sanab bo‘lingandan keyin bayonnoma hech kimga berilmagan. Ertalab esa kompyuterda terilgan, imzosiz va muhrsiz bayonnoma berilgan.
Alisher Qalandarov rasman imzolangan va muhrlangan bayonnomani 1 kundan keyin olishga muvaffaq bo‘lgan. Agar bayonnomalar taqqoslab ko‘rilsa, ulardagi raqamlar ham XDP a'zosi foydasiga ko‘payganini ko‘rish mumkin. Faqatgina Ekologik partiya vakiliga berilgan ovozlar soni (36) va haqiqiy deb topilmagan byulletenlar soni o‘zgarmagan (37).
Urganch tumani saylov komissiyasi raisi Baxtiyor Bekchanov 432- va 433-saylov uchastkasidagi bu voqealar bo‘yicha izoh berdi.
«Saylov uchastkasida kuzatuvchilar tomonidan videotasvirga olinishiga hech qanday to‘sqinlik bo‘lishi mumkin emas. Ular ovozlarni sanash jarayoniga aralashmagan holda, chetdan kuzatib, videotasvirga olishga haqli. Bundan tashqari, bayonnoma saylov kuni, shu joyning o‘zida to‘ldirilib, zudlik bilan kuzatuvchilarga berilishi shart – qonunchilikda shunday belgilangan. Agar kuzatuvchilarga qandaydir to‘sqinlik bo‘lsa, shu zahoti menga qo‘ng‘iroq qilishlari kerak edi. Ammo menga hech kim murojaat qilmadi. Bayonnomalarni bermanglar deb hech kimga aytmaganman», - dedi Bekchanov.
Izoh olish uchun 432-saylov uchastkasi komissiyasi raisi Kuranmurat Matrazov va 433-saylov uchastkasi raisi Dilmurod Saidov bilan 24 dekabr kuni davomida bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.
Quvonch Sherjanovaning O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining «Ishonch telefoni»ga yo‘llagan murojaatini Urganch tuman prokuraturasi o‘rganib chiqib, saylov komissiyalari ishida hech qanday qonunbuzarlik bo‘lmagan degan mazmundagi javobni bergan.
Urganch tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDep tomonidan nomzodi qo‘yilgan Alisher Qalandarovning vakili Quvonch Sherjanova 432- va 433-saylov uchastkasi komissiyasi xatti-harakatlarining noqonuniy ekanini, ovozlarni sanash jarayonini shaxsan kuzatib, 432-uchastkada A.Qalandarov 840ta ovoz to‘plaganining guvohi bo‘lganini, biroq bu saylov bayonnomasiga kiritilmaganini, keyinchalik ovozlar soni o‘zgartirilib, XDP vakili foydasiga soxtalashtirilganini ta'kidlamoqda.
So‘ngso‘z o‘rnida aytish joizki, Urganch tumanidagi saylov uchastkalarida yuz bergan bu voqealar saylov qonunchiligining qo‘pol buzilganini anglatmoqda. Bunga jarayonda ishtirok etganlarning guvohligi, komissiya raislarining xatti-harakatlari, shuningdek ba'zi hujjatlar ishora qilyapti. Bu qonunbuzarliklar haqqoniy tarzda o‘rganib chiqilishini, ularga adolatli baho berilishini istar edik. Zero, komissiya raisi bo‘lsin, hokimlik mulozimi bo‘lsin, ularga saylovlarda ko‘tarinki ruh va ishtiyoq bilan ishtirok etgan xalq ishonchini suiiste'mol qilishga hech kim huquq bermagan.
Nurmuhammad Said,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
22:00 / 02.07.2024
Urganch tumani qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
15:26 / 15.06.2024
“Xorazmcha reyderlik” takrorlandi: Urganch tumanida dehqonning g‘allasi tortib olingan
16:01 / 25.02.2024
Xorazmda 3 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
07:31 / 28.01.2024