O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 28 dekabr kuni «2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari arafasida ketma-ket 5 kunlik dam olish kunlari belgilangan edi.
Mazkur farmon asosida avgust hamda sentabr oyida ham ko‘chirilgan dam olish kuni mavjudligini hisobga olib, amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida ushbu masala yuzasidan qisqacha sharh berib o‘tiladi.
Eng avvalo haftadagi ish kunlari soni dam olish kunlariga ta'sir qilishini unutmaslik kerak. Ya'ni haftasiga 5 kun yoki 6 kun ishlaydigan xodimlarning dam olish kunlari o‘rtasida tafovut bo‘ladi.
Qurbon hayiti kunida dam olish qanday tashkil qilinadi?

O‘tgan safar Ramazon hayitida dam olish kunlarining taqsimlanishi haqida ma'lumot bergan edik.
Shu o‘rinda yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti haqida ham tushuntirish berib ketmoqchimiz.
Yil boshida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, ko‘pchilik Prezident farmonidagi faqat Yangi yil, Navro‘z, Mustaqillik bayramlari arafasidagi ko‘chirilgan dam olish kunlariga e'tibor berishgan edi. Lekin avgust oyining so‘nggi 10 kunligida ko‘chirilgan dam olish kunlari nazardan chetda qolgandi. Farmonga ko‘ra, 25 avgust – shanba 23 avgust – payshanbaga hamda 26 avgust – yakshanba esa 24 avgust – jumaga ko‘chirilgan.
Mazkur ko‘chirishlar ayrimlar o‘ylagandek Mustaqillik bayramiga aloqador emas. Aksincha, bu muqaddas Qurbon Hayiti bayrami arafasida aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan bog‘liq.
Ushbu o‘zgarishlardan anglashiladigan birinchi jihat shundaki, 2018 yilda o‘zbekistonlik xodimlar ko‘chirilgan dam olish kunining hisobiga bir marta yakshanba kuni ham ishga chiqishlari kerak bo‘ladi. Aniqrog‘i 26 avgust – yakshanba kuni ommaviy ish kuni sifatida e'lon qilinib, ushbu dam olish kuni 24 avgust – juma kuniga ko‘chirildi.
Ikkinchi jihati, mazkur o‘zgartirishlar jarayonida Qurbon Hayitining birinchi kuni taxminan 22 avgust kuniga belgilanishi hisobga olingan. Albatta barchamizga ma'lumki, Hayit bayramlarini oldindan aniq kunini belgilash imkonsiz, bu oy chiqishiga qarab hal qilinadigan masaladir. Shu sababli ham Farmonda Hayit kunlariga hech qanday ishora berilmagan. Lekin o‘tgan yili yurtimizda 1 sentabr kuni Qurbon Hayiti nishonlangani inobatga olinib, fuqarolarga ushbu muqaddas bayram arafasida qo‘shimcha dam olish kunlarini tashkil etish uchun oldindan zamin hozirlanganini aytish mumkin.










