«Biz mansabdor shaxsga ishongan edik» - urganchlik tadbirkorlar katta miqdordagi mablag‘ga chuv tushdi
O‘zbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishning muhim omillaridan biri – tadbirkorlikni rivojlantirish, uning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ekani ko‘p aytilgan. Ishbilarmonlarga qulay sharoit va muhit yaratilsa, byurokratik to‘siqlar olib tashlansa, mulkiy huquqlari qattiq himoya qilinsa, ularning daromadi oshadi, natijada odamlarning farovonligi yaxshilanadi, davlatimiz ham boy bo‘ladi. Xalqimiz azaldan mehnatsevar va tadbirkordir. Biz tog‘ni talqon qilishga, sahroda bog‘ qilishga qodirmiz, faqat imkoniyat berilsa bas.
So‘nggi yillarda bu borada qilinayotgan ishlar juda katta salmoqqa ega bo‘ldi. Biroq, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar to‘liq bartaraf qilindi, barchasi o‘z yechimini topdi deb dadil ayta olamizmi? Afsuski yo‘q. Bu maqolamizda har bir tadbirkor, ishbilarmon yoki fuqaro yo‘liqishi mumkin bo‘lgan masalani yoritishga harakat qilamiz.
Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi bir qancha tadbirkorlar Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, bozor bilan bog‘liq bo‘lgan va bir necha yillardan beri qiynab kelayotgan muammoni bayon etishdi. Davlat hokimiyati nomidan ish yuritgan va noqonuniy xatti-harakatlari natijasida katta miqdorda zarar yetkazgan mansabdor shaxs ustidan shikoyat qilishdi.
2015-2016 yillarda Urganch tumani eski buyum bozorida ko‘plab tadbirkorlarning do‘konlari buzildi. Ularning bir qismi shu joyga yaqin hududda qurilgan Urganch shahar buyum bozoriga ko‘chib o‘tishdi. Boshqa qismi esa Urganch tumanining yangi buyum bozori barpo qilinishini kutib qolishdi.
2017 yili Urganch tumani hokimligi huzurida «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasi ish boshladi. Uning vazifasi tumandagi G‘alaba qishlog‘i Obod mahallasi hududida yangi buyum bozorini barpo qilish edi.
Qurilish direksiyasiga rahbar qilib tayinlangan Shuhrat Xaitbayev bozor hududidan do‘kon va'da qilib, tadbirkorlardan, bozordagi do‘koni buzilgan odamlardan pul yig‘ishni boshladi. Ularga bozor hududidan 24 kv.m. maydonli va qiymati 50 million 400 ming so‘mga baholangan do‘konlar uchun shartnomalar tarqatdi.
Rejaga muvofiq bozor quyidagi ko‘rinishda, ya'ni ikki qavatli zamonaviy do‘konlar, katta omborlar, avtobus bekati, avtomobillar turargohi, maishiy xizmat obektlaridan iborat yirik savdo majmuasi bo‘lishi lozim edi.
2017 yil mart-may oylari davomida Sh.Xaitbayev fuqarolardan to‘plangan mablag‘lar hisobiga bozor qurilishini boshlab yuborgan, hudud atrofi o‘rab olinib, do‘konlarning poydevori quyilgan. Ishning bir joydan siljishi tadbirkorlardan pul yig‘ish jarayonini tezlashtirgan.
2018 yil aprel-iyun oylarida do‘konlar egalariga topshirilishi, savdo majmuasi o‘z faoliyatini boshlab yuborishi lozim edi. Ammo bu paytga kelib, qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmadi, odamlar va'da qilingan do‘konlarni olishmadi.
2018 yil yozida Urganch tumani prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan, ya'ni «mansab mavqeyini suiiste'mol qilish yo‘li bilan ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.
Xorazm viloyati prokuraturasi matbuot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, qurilish direksiyasida o‘tkazilgan taftishda mansabdor shaxslar tomonidan 21 nafar fuqarodan yig‘ib olingan pul mablag‘lari talon-toroj qilib yuborilgani aniqlangan. Xususan, Sh.Xaitbayev mansab mavqeyini suiiste'mol qilish yo‘li bilan ishonib topshirilgan yoki o‘zining ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan 65 million so‘mni korporativ plastik kartaga o‘tkazib, qurilish materiallarini xarid qilib, keyinchalik naqd pulga sotganlikda, umumiy hisobda 176,1 million so‘mlik pul mablag‘larini talon-toroj qilish orqali o‘z shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborganlikda gumon qilinmoqda.
2019 yil 7 yanvarda Sh.Xaitbayevga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a, g» bandlari, shu moddaning 3-qismi «a» bandi bilan rasman ayblov e'lon qilindi. 8 yanvar kuni esa u qidiruvga berildi.
Ayni paytda Sh.Xaitbayevning qayerda ekani tergov idorasiga ma'lum emas. Unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi JPK 364-moddasi 1-qismi 2-bandiga asosan (ayblanuvchining qayerda ekanligi noma'lum bo‘lgani tufayli) to‘xtatilgan.
Ammo davlat hokimiyati nomidan ish yuritgan mansabdor shaxsga ishonib, unga ko‘p miqdorda pul bergan, o‘z peshona teri evaziga yig‘gan mablag‘larini topshirgan odamlarning, tadbirkorlarning taqdiri nima bo‘ladi?
Ulardan bir qanchasi adolat yuzaga chiqishi, pullarining qaytarib berilishini istashmoqda.
Xususan, 70 yoshli Bekposhsha Xodjayeva, 2017 yili 24 kv.m. do‘kon olish uchun «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasiga 15 million so‘m o‘tkazib bergan.
62 yoshli Roza Yusupova, 2017 yili o‘z uyini sotib, yangi do‘kon olish uchun 45 million so‘m mablag‘ni qurilish direksiyasiga o‘tkazgan.
42 yoshli tadbirkor Shuhrat Sobirov yangi savdo majmuasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni ko‘zlab, qurilish direksiyasiga 12 million so‘m o‘tkazib bergan.
30 yoshli tadbirkor Mahmud Sobirov, eski buyum bozori hududida 156 kv.m. maydondagi 3ta do‘koni buzilgan. Yangi savdo majmuasida ish boshlash niyatida qurilish direksiyasiga 100 million so‘m mablag‘ o‘tkazgan va 52 million so‘mlik qurilish materiallarini bergan.
33 yoshli Nodira Masharipovaning eski buyum bozoridagi 48 kv.m. maydonli do‘koni buzilgan. Yangi savdo majmuasida faoliyatini davom ettirishini ko‘zlab, qurilish direksiyasiga 15 million so‘m o‘tkazib bergan.
24 yoshli tadbirkor Bunyod Muxtorov yangi savdo majmuasidan do‘kon olish uchun qurilish direksiyasiga 15 million so‘m o‘tkazgan.
Ayni paytda ularda do‘kon ham, pul ham yo‘q. Tadbirkorlar bir necha yillardan beri qurilish direksiyasiga bergan pullarini qaytarib ololmayaptilar. Ular davlat hokimiyati nomidan ish yuritgan mansabdor shaxsga ishonib, aldanib qolishganidan afsusda.
«Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasi bilan bog‘liq mojaroni, xususan tadbirkorlarning bu murojaatini Urganch tumani hokimi Frunze Sharipov va yurist-konsultanti Sardor Zaripov ishtirokida muhokama qildik. Ular Urganch tumani hokimligi eski buyum bozorida do‘koni buzilgan tadbirkorlar barcha asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim qilganda, yer ajratish va kompensatsiya berish masalasini ko‘rib chiqishga, kelishuv shartnomasini imzolashga tayyor ekanini ma'lum qilishdi.
Ammo «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilish direksiyasi jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanmagani, bu borada sudning qonuniy qarori yo‘qligi bois, biror harakatlarni amalga oshirishga ojiz ekanini, agar sud bu ish bo‘yicha qonuniy qaror chiqarsa, undagi talablarni bajarishga tayyor ekanini aytishdi.
Qayd etish joizki, ayni paytda Urganch tumanida buyum bozori yo‘q. Eski buyum bozorida do‘koni buzilgan tadbirkorlar Urganch tumanida yangi buyum bozori barpo qilinmagach, faoliyatini Urganch shahar buyum bozorida davom ettirishga majbur bo‘lishgan. Tabiiyki, Urganch shahar buyum bozoridagi faoliyatdan tushgan barcha daromadlar shahar budjetini to‘ldirmoqda. Urganch tumani budjeti esa juda zarur mablag‘lardan ayrilmoqda.
Hozirgi kunda «Urganch tuman markaziy savdo majmuasi» qurilishi boshlangan hududni chang, o‘t-o‘lanlar bosib yotibdi, do‘konlarning poydevorlari nurab bormoqda. Bu hududning taqdiri havoda muallaq turibdi – do‘konlar qurib bitkaziladimi, bozor ishga tushiriladimi, bu haqda hech kim bilmaydi. Sarson bo‘lgan odamlarning direksiyaga bergan pul mablag‘lari esa kun sayin qadrini yo‘qotib bormoqda. Ularga amaliy yordam bo‘ladimi, muammolari yechiladimi yoki yo‘qmi – bu ham mavhum.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
16:06 / 08.08.2024
Xorazm viloyatining ikki tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
08:26 / 10.07.2024