Eron parlamentining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi qonun loyihasini ma’qulladi. Unda AQSh va Isroilga tegishli kemalarning bo‘g‘oz orqali o‘tishi taqiqlanishi ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi IRIB.

«Ho‘rmuz bo‘g‘ozining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha strategik chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentning milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi», - deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, kemalar bo‘g‘oz orqali Isroilga aloqador har qanday yukni, jumladan harbiy yoki fuqarolik yuklarini tashishi mumkin bo‘lmaydi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, bu talabni buzganlik uchun tashilayotgan yuk qiymatining 20 foizigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Avvalroq Press TV Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhammad-Boqir Zulqadrga tayanib, Eron AQSh qator shartlarni bajarmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasligini xabar qilgandi.

Bu shartlar orasida mamlakatga nisbatan tahdidlarni to‘xtatish, Eron va uning ittifoqchilariga qarshi harbiy amaliyotlarni yakunlash, sanksiyalarni bekor qilish, dengiz qamalini tugatish, AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish hamda tovon puli to‘lash kabi talablar bor.