Gulmira Abduxalilova bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, hech narsasiz ko‘chada qolgan. Nikoh norasmiy ekani, qolaversa, qonun-qoidalar, er-xotin o‘rtasidagi mulk tushunchalaridan mutlaqo bexabar ayol bugun bu masalalarda hech kimga da'vo qila olmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, sobiq turmush o‘rtog‘idan keladigan yordamdan umid yo‘q. U haqdagi gaplar endi «eski tarix». Erkakning o‘z muammolari bor.

Ayol yillar davomida ijara uylarda yashab yurgan. Pandemiya davrida mehnat qilib daromad topishning mutlaqo imkoni qolmagach, yumshoq qilib aytganda, ijara uydan «quvilgan».

 «Och qoldingmi bozorga, ko‘zingni yog‘ bosdimi mozorga bor», deyishadi. Gulmira opa ham shunday qildi ­– bozorga borib bir necha kun ochiq ayvon ostida o‘g‘li bilan tunab qoldi. Sekin-asta karantin cheklovlari yengillashgach, dehqon bozorda yana savdo-sotiq boshlandi. Ho‘l meva savdosi bilan shug‘ullanadigan xotin-xalajlar voyaga yetmagan farzandi bilan bozorda tunab qolayotgan ayolga rahmi keldi, «noniga sherik qilishdi». O‘zlari olib kelib sotadigan ho‘l mevalarni Gulmira opaga arzonroq narxda, nasiyaga berishdi. Ayol esa o‘g‘li bilan birgalikda bozorchi ayollardan olingan mahsulotning ustiga ozroq foyda qo‘yib, kun kechira boshladi.

Muzqaymoq savdosi biroz yengillashgan tadbirkor o‘z do‘konini ona-bolaga berdi (Issiq kunlar kelguncha albatta). Ayni kunlarda, bir muddat oldingi achchiq sovuqda ham ular dehqon bozor ichidagi shu do‘konda jon saqlashdi. Qo‘lbola isitkich pechdan foydalanishadi. Bu do‘kon kunduzi omborxona, kechasi ularga boshpana vazifasini o‘tamoqda.

 Hammom va hojatxona muammosini esa tasavvur qilavering...

 Darvoqe, gap ayolning nochorligida emas. Aytmoqchi bo‘lganimiz, uning shu ko‘yga tushishiga sabab bo‘lgan boshqa omillarda. Hokimlik va boshqa idoralarning mana shunday sharoitda yashab kelayotgan ayolga bo‘lgan munosabatida ham.

 Bundan bir necha yil oldin ayol mashaqqat bilan yiqqan puliga tuman markazidan yer sotib olgan. Amallab, yaxshilar ko‘magi bilan ana shu yerga uy solish uchun poydevor ham qurgan. Ammo ma'lum vaqt o‘tib, Ishtixon tumani hokimligi vakillari ayolga bu yerda qurilish qilish mumkin emasligini aytgan. Ayolning uy uchun qurgan poydevorini maxsus texnika bilan buzib tashlashgan.