2027-yil 1-yanvardan boshlab aholiga tovar va xizmatlarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish tizimida yangi qoidalar kuchga kiradi. Bu bo‘yicha «Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolangani xabar qilingandi.

Qarorda ko‘chmas mulk, shuningdek, qonunchilikka muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati ob’yekti bo‘lishi mumkin emasligi keltirilgandi.

Adliya vazirligi maskur band bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirish berdi.

«Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining ob’yekti bo‘la olmaydi. Ya’ni vositachi-operator sizga uyni «rassrochka»ga olib bera olmaydi. Ammo bu quruvchi o‘zi qurgan uyni xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sota olmaydi, degani emas. Chunki qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan. Demak, siz avvalgidek quruvchining o‘zidan uy-joyni «rassrochka»ga olishingiz mumkin. Qaror quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoni taqiqlamaydi», deyiladi vazirlik xabarida.

Qaror kuchga kirgach, operatorlar maxsus reyestrga kiritiladi, Markaziy bank nazoratida ishlaydi, ularning shartnomalari, ustama va komissiyalariga aniq talablar belgilanadi.