O‘zbekiston | 18:19 / 31.10.2022
28210
3 daqiqa o‘qiladi

“Nafas olib bo‘lmaydi” - Nobel mukofoti sohibi Toshkent havosining iflosligi haqida

Nobel festivali doirasida Toshkentga kelgan koreyalik professor Raye Kvon Chung shahar havosi juda ham iflosligini sezganini aytdi. Nobel mukofoti laureati muammo yechimi uchun jamoat transportlarini ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, poytaxtda atmosferaga zararli tashlanmalarning 93 foizi avtomobillarga to‘g‘ri keladi.

Raye Kvon Chung / Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Toshkentda havoning iflosligidan nafas olib bo‘lmasligini sezdim, dedi shaharga mehmon bo‘lib kelgan Nobel mukofoti laureati Raye Kvon Chung.

Koreyalik professor faoliyati davomida BMT bosh kotibining iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan, 2017 yilda tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini olgan. U 24-27 oktyabr kunlari birinchi marta Toshkentda bo‘lib o‘tgan V Nobel festivalida ishtirok etdi.

“Toshkentga kelgan kunim (24 oktabr) baxtimga yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, havo juda toza edi. Lekin yomg‘ir tingach, haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim. Shaxsiy mashinalarning ko‘pligi, ulardan chiqayotgan zaharli tutun tufayli shahar havosi me’yoridan-da yomonlashib bormoqda. Aynan shular ham Toshkent havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Qandaydir yechimini albatta topish shart”, – dedi u Gazeta.uz'ga bergan intervyusida.

Raye Kvon Chungning aytishicha, shaharda havo ifloslanishini kamaytirish uchun jamoat transporti rivojlantirilishi kerak.

“Sizlar jamoat transportiga e’tibor qaratishingiz, ularni ko‘paytirishingiz kerak. Bu o‘ta muhim masala. Agar odamlar shaxsiy mashinasini haydab yuraversa, vaziyat bundan ham yomonlashadi. Odamlar shahar ichiga o‘z avtomobilida kirmagani ma’qulroq”, – deydi u.

Mehmonning qayd etishicha, jamoat transportining tezligi va sifatli xizmati ta’minlansa, odamlar albatta undan foydalanadi.

Kuni kecha Ekologiya qo‘mitasi bergan axborotga ko‘ra, Toshkentda atmosferaga zararli tashlanmalarning 93 foizi (397 ming tonna) avtomobillarga to‘g‘ri keladi. Respublika miqyosida esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 58 foizga (1,4 mln tonna) teng.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktyabr oqshomida Toshkent shahri havoning iflosligi bo‘yicha dunyo shaharlari reytingida 1-o‘ringa chiqdi.

Mavzuga oid