O‘zbekiston | 19:41 / 12.09.2024
2855
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlari va hokimliklarning 2 mingdan ortiq noqonuniy qarori bekor qilindi

2024 yilning 6 oyi davomida davlat tashkilotlari, mansabdor shaxslarning 1725 tasi qarori, mahalliy hokimliklarning esa 481 ta qarori sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, PF-200-sonli prezident farmoni bilan Oliy sudga har chorak yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari noqonuniy chiqargani uchun bekor qilingan qarorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali — my.sud.uz’da bunday tartib yo‘lga qo‘yilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi undagi ma’lumotlarning o‘z vaqtida va sifatli joylashtirilishini monitor qilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilning 6 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek mahalliy hokimliklarning jami 2206 ta qarori sudlar tomonidan bekor qilingan.

Xususan, mazkur davrda ma’muriy sudlar tomonidan ma’muriy organ qarorini haqiqiy emas deb topishga doir jami 3933 ta ish ko‘rilgan, ularning 1725 tasi qanoatlantirilgan.

Joriy yil birinchi yarmida mahalliy hokimlik qarorlarining haqiqiy emas deb topilishiga oid jami 1397 ta ish ko‘rilgan va shundan 481 tasi qanoatlantirilgan.

Mavzuga oid