AQShda jonli efirdagi qatl
AQSH armiyasining sobiq psixiatri Nidal Hasanni otib, qatl etish jarayonini jonli efirda koʻrsatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Pentagon rasmiysi Reuters'ga maʼlum qildi. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset ham bu rejani tasdiqladi.
Mayor Nidal Hasan 2009-yilda Texas shtatidagi Ford Hud harbiy bazasida 13 nafar qurolsiz safdoshini oʻldirgan, 32 kishini yaralagandi.
Qatl 3-dekabr kuni otishma sodir boʻlgan Fort-Hud bazasining oʻzida oʻtkaziladi. Hegsetning aytishicha, kun va vaqt 2009-yildagi hujumga moslab tanlangan. "Odamlar buni koʻra olishi, jarayon ochiq boʻlishi kerak. Chunki bunday ishlar uchun jiddiy oqibatlar borligini tushunishlari lozim", dedi u.
Hozir 56 yoshda boʻlgan Hasanga 2013-yilda hakamlar hayʼati oʻlim jazosini tayinlagandi. U qasddan odam oʻldirish va qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish boʻyicha oʻnlab jinoyatlarda aybdor deb topilgan. AQSH harbiy qonunlariga koʻra, otib qatl etishni prezident tasdiqlashi kerak. Donald Tramp Hegsetning tavsiyasi bilan bu qatlga rozilik bergan.
Hasan 1945-yildan beri AQSH armiyasi tomonidan otib qatl etiladigan birinchi shaxs boʻladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, dunyoda qonuniy qatlni televideniye yoki internet orqali jonli koʻrsatgan davlat maʼlum emas. AQShdagi soʻnggi qonuniy, ommaviy qatl 1936-yilda oʻtkazilgandi.
Kramatorskda dahshatli hujum
8-oktabr kuni Ukrainaning Donetsk viloyatida – frontga yaqin Kramatorsk shahrida Rossiya boshqariladigan aviabomba bilan ikki yoʻlovchi avtobusiga zarba berdi. Qutqaruvchilar maʼlumotiga koʻra, hujum oqibatida kamida 30 kishi halok boʻlgan. Yaqin atrofdagi Bilenke qishlogʻida ham yana uch kishi oʻldirilgan.
Donetsk viloyati rahbari Vadim Filashkinning aytishicha, qurbonlardan tashqari yana 18 kishi yaralangan. U Rossiyani iloji boricha koʻproq tinch aholini oʻldirish uchun yoʻlovchi avtobuslarini nishonga olishda aybladi. Filashkin viloyatda qolgan aholini Ukrainaning xavfsizroq hududlariga koʻchishga chaqirdi.
Mahalliy prokuratura eʼlon qilgan suratlarda yonib ketgan avtobus qoldiqlari va yoʻlda yotgan qurbonlar aks etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu zarba javobsiz qolmasligini aytdi. "Rossiya Donbassdagi butun hayotni yoʻq qilishga urinmoqda va dunyo bunga munosabat bildirishi kerak. Qattiq munosabat bildirishi kerak", deb yozdi u. Zelenskiy, shuningdek, hamkorlarni Ukrainani himoya qilish uchun yangi mudofaa paketlari orqali aniq choralar koʻrishga chaqirdi.














