O‘zbekiston | 21:15 / 19.12.2019
20445
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sindzo Abe bilan uchrashdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari o‘rtasida muzokara o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi asosiy tadbirlari 19 dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tdi.

Kantey qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston rahbarini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe kutib oldi. Ular davlat bayroqlari oldida qo‘l berib ko‘rishdi.

Davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan o‘tdi. Ularga delegatsiyalar tanishtirildi.

Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan o‘tdi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazildi. 

Yaponiya hukumati rahbari Prezidentimizni samimiy qutlar ekan, ushbu tashrif «Reyva» («Go‘zal uyg‘unlik») davrining birinchi yilida o‘tayotganini alohida ta'kidladi.

Tokio mamlakatimiz bilan do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.

Sindzo Abe O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi va ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Davlatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni jonlantirishga faol hissa qo‘shayotgani ta'kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Yaponiya hukumati rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yapon xalqini «Reyva» davri boshlangani bilan tabrikladi.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki tomonlama ko‘p qirrali sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish borasidagi intilishi qat'iy ekanini ta'kidladi.

Yaponiya hukumatiga O‘zbekistondagi islohotlar va iqtisodiy modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlayotgani, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Dolzarb xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning yondashuvlari yaqinligi qayd etildi.

Parlamentlararo aloqalar, jumladan, Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasining faol ishtiroki doirasida jonlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Asosiy e'tibor mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirishni taklif etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalari katta mamnuniyat bilan tilga olindi.

Energetika, qazib olish tarmog‘i, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda, avvalo, Yaponiya yetakchi kompaniya va banklarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ma'qullandi.

Delegatsiyalar rahbarlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi orqali moliyaviy va moliyaviy-texnik sheriklik kengayib borayotganini olqishladilar.

Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni, tartibli mehnat migratsiyasi, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning institutsional mexanizmlari kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara natijalaridan mamnun ekanlarini bildirdilar, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrini boshlash borasida qat'iy ekanlarini ta'kidladilar.

Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zi uchun qulay vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini minnatdorlik bilan qabul qildi.

Mavzuga oid