O‘zbekiston | 21:50 / 10.12.2018
12449
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yildan barcha hududlarda pullik magistral yo‘llar bosqichma-bosqich joriy etiladi

Vazirlar Mahkamasining «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi qarori qabul qilindi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda «Pullik avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda investorlar va/yoki tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan avtomobil yo‘llari bo‘yidagi hududlarni obodonlashtirish majburiyatlari olingan holda yo‘l bo‘yi infratuzilma obektlarini qurish uchun ularga yer uchastkalari berishning vaqtinchalik tartibini tasdiqlaydi;

2019 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish dasturlariga kiritish uchun mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich pullik magistral yo‘llarni joriy etish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish haqidagi takliflarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatning barcha hududlarida davlat-xususiy sheriklik doirasida pullik magistral yo‘llarni bosqichma-bosqich joriy etish ishlari boshlanishini ta'minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yo‘l bo‘yida pullik avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish uchun yo‘l uchastkalarini belgilaydi.