«Zarur materiallar prokuraturaga taqdim etildi» - MSK Bektemir tumanidagi saylov okrugidagi holat bo‘yicha izoh berdi
Markaziy saylov komissiyasi Toshkent shahar Bektemir tuman 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida komissiya a'zolari tomonidan saylov natijalari soxtalashtirilgani aks etgan videomaterialga munosabat bildirdi.
«Bu holat Kun.uz saytida e'lon qilingach, tezda unga e'tibor qaratdik, prokuratura idoralari bilan bog‘landik, o‘z vakilimizni jo‘natdik. Hozirda o‘rganish jarayoni ketmoqda.
Albatta, bu qo‘pol qonunbuzilishi hisoblanadi. Holat natijalarga ta'sir qilish-qilmasligi yuzasidan ham o‘rganilmoqda», deya izoh berdi MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov Kun.uz muxbirining shu holat yuzasidan bergan savoliga javoban.
Ayni vaqtda MSK saytida rasmiy munosabat bildirildi.
«Mazkur holat Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda. Ushbu holat yuzasidan amalga oshirilayotgan qo‘shimcha o‘rganish va ularga huquqiy baho berish uchun zarur materiallar prokuratura idoralariga taqdim qilindi», deyilgan Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabarida.
Bundan avvalroq Kun.uz nashri Toshkent shahri Bektemir tuman 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida komissiya a'zolari tomonidan qutiga byulletenlar tashlanayotgani tasvirlangan videomaterialni e'lon qilgangandi.
Xabarda saylov jarayoni yakunlanishini kutib turgan kuzatuvchilarni «Adliya vazirligidanmiz» deb tanishtirgan noma'lum shaxslar kuzatuvchilarning hujjatlarini tekshirish bahonasida boshqa xonaga olib chiqib ketgani, saylov uchastkasi mutasaddilari kuzatuvchilarning yo‘qligidan foydalanib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan byulletenlarni saylov qutisiga tashlagani keltirilgan. Bu holat kuzatuvchilardan birining kamerasiga yozib olingan.
Mavzuga oid
07:46 / 21.11.2024
Toshkentning ikki tumanida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
09:02 / 03.09.2024
Toshkentning ikki tumanida ichimlik suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
09:54 / 19.06.2024
Toshkentning ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
07:50 / 17.04.2024