KUN.UZ tahririyati Xorazm viloyati, Urganch shahrida istiqomat qiluvchi Matniyazova Sevara o‘g‘li Elshanning dardiga shifo istab, yordam so‘rab murojaat qilganidan so‘ng, xayriya tadbirini uyushtirib bergan edi.
Shundan so‘ng, juda ko‘p yurtdoshlarimiz o‘z himmatini ayamay, bolakayning shifo topishi uchun xayr-ehson qilishdi. Ammo kerakli miqdordagi pul to‘planmay qoldi.
Elshanning kasalligi tarixini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Matniyazova Sevara 1987 yilda tug‘ilgan. Erta turmush qurishi va yaqin qarindoshiga tegishi uning hayotida ko‘p kulfatlarga sabab bo‘ldi. Ayol turli sabablarga ko‘ra, uch farzandidan ayrilgan va turmushi buzilgan.
To‘rtinchi farzandi Matniyazov Elshan 2013 yilda tug‘ilgan. 2016 yili unda juda og‘ir onkologik xastalik Xojkin limfomasi borligi aniqlangan.
«3 yoshga kirganida o‘g‘limning isitmasi tez-tez ko‘tarila boshladi. Davolashning har xil usullarini qo‘llab ko‘rdik, ammo foydasi bo‘lmadi. Bolalar shifoxonasida qon tahlilini topshirganimizdan so‘ng, uning natijalariga ko‘ra, Onkologiya shifoxonasiga yo‘llanma berishdi. U yerda Elshanga Xojkin limfomasi tashxisi qo‘yildi» - deydi Sevara.
Xojkin limfomasi yoki limfogranulematoz - limfatik to‘qimalar va oshqozon osti bezining kattalashuviga olib keluvchi, ozib-to‘zdiradigan va kuch-quvvatdan qoldiradigan og‘ir onkologik kasallikdir.

Dahshatli tashxisdan so‘ng, Elshan Onkologiya shifoxonasida 7 marta kimyoterapiya muolajasini olgan, natijada, uning sochlari, kiprik va qoshlari butunlay to‘kilib ketgan. Bolakayning davolanishini ta'minlash uchun oilaning mulki, daromad keltiruvchi biznesi sotib yuborilgan.
«Dadam rahmatlidan qolgan avtomobilni sotdik. Bundan tashqari, ro‘zg‘orimizga tayanch bo‘lib turgan do‘konni ham sotib, barcha mablag‘larni Elshanning davolanishi uchun sarfladik», - deydi Sevara.
2017 yilda ona va bola davolanish uchun Hindistondagi Fortis (Fortis Memorial) klinikasiga borishadi. Elshan u yerda PET apparatida ko‘rikdan o‘tkaziladi.
«Hindistonning Fortis klinikasiga bordik. U yerda Elshanni PET apparatida tekshirib ko‘rishdi. Uning tomiriga maxsus dori yuborib, barcha a'zolari PET yordamida tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu juda og‘riqli jarayon ekan, u narkoz yordamida qilindi» - deydi Sevara.










