Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyati davomida umumiy daromadning 90 foizini olib ketishi haqida ma'lumotlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova Kun.uz so‘roviga javoban bu masalada oydinlik kiritdi hamda bu kompaniya bilan qo‘shma faoliyatga oid ma'lumotlarni berdi.

«Mahsulotni taqsimlashni nazarda tutuvchi ikki tomonlama tuzilgan kelishuvga muvofiq investorlar konsorsiumi (bu o‘rinda «Lukoyl» hamda «O‘zbekneftegaz») va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida foydali mahsulotlarni taqsimlash 50/50 foizlarda (ya'ni teng miqdorda) bo‘lishi belgilangan. Ammo bu shartnomada progressiv shkala ham nazarda tutilgan va loyiha daromadiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi ulushi 80 foizgacha yetishi mumkin.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan 90/10 foizli taqsimotga kelsak, bu konsorsium investorlari («Lukoyl» va «O‘zbekneftegaz» AJ) o‘rtasidagi hissalarni nazarda tutadi. Bu daromaddan ular 9 foiz miqdorida soliq to‘laydi. Shuni ta'kidlab o‘tish zarurki, «O‘zbekneftegaz» AJ bu loyihada nofaol investor hisoblanadi – ya'ni moliyaviy resurslar jalb qilmagan va loyihani amalga oshirishda bevosita ishtirok etmaydi.

Yana bir muhim jihat, O‘zbekiston Respublikasi g‘aznasiga umumiy ulushdan (foydali mahsulotning 50 foizidan) tashqari foyda solig‘i, majburiy to‘lovlar va tabiiy boyliklardan foydalanish uchun soliqlar (umumiy tushumning 30 foizi miqdorida) undiriladi», deyiladi taqdim etilgan ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, Reuters agentligi O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 million dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergan