Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qaysi davlat rahbari o‘ziga qarshilik qilganlarni, qamalib ketganlarni qamoqdan chiqarib, yana ish, mashina, kabinet, mukofotlar beradi?» - Qudratulla Rafiqov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Qudratulla Rafiqov Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida so‘zga chiqdi.
“Mening yoshim ham 75ga chiqdi. Deyarli 60 yildirki, shu davlatga xizmat qilib kelmoqdaman. Har xil lavozimlarda, Toshkent shahrida turli lavozimlarda ishladim. Mustaqilligimizga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, shundagi faoliyatimning 20 yilini Jizzax viloyatida o‘tkazdim. Nega, degan savol bo‘lishi mumkin. Mustaqilligimizning ilk yillarida ancha o‘yinlar, siyosiy masalalar bo‘lgan. O‘sha zamonlarda shunday vaqt bo‘lib qoldiki, hatto mening qadrdon do‘stlarim ham mendan sal uzoqroq yuradigan, gaplashishga ham or qiladigan bo‘lib qoldi.
Men uchun shunday qiyin paytda Shavkat Miromonovich Jizzax viloyatiga hokim bo‘lib borgan. Men uchun katta boshini kichik qilib birinchi prezident huzuriga kirib, ruxsat olib, meni Jizzax viloyatiga olib ketdi. Lavozimlarga qo‘ydilar, birga olib yurdilar, maslahatlar berdilar. Ko‘pchilik shunda bu yosh yigit Toshkentdan kelib bir-ikki yilda qaytib ketadi, deb o‘ylashgan. Lekin unday bo‘lmadi, Shavkat Miromonovich Mirzo Ulug‘bek tumanida ishlab yurgan paytlaridayoq yo‘l qurardi, ko‘chalarga asfalt qilardi, ijtimoiy obektlar ishga tushirardi va bundan bolalarcha xursand bo‘lardi. Xuddi shu tajribani Jizzax viloyatida ham qo‘lladi, viloyatda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, Jizzax paxta rejasini ham bajardi. Men uchun Jizzax viloyati - ikkinchi vatanim, eng qadrdonlarim shu viloyatda.
Mustaqillik davrining boshlarida juda ko‘p korxonalar sababsiz yopildi. Aviatsiya zavodi bor edi, 60 ming odam ishlar edi. Tekstil kombinati bor edi, 5 ming odam ishlardi. Traktor zavodi, Kabel zavodi, Agregat zavodi, Mikond zavodi, “Tashselmash”, “O‘zbekselmash”... Mana, Toshkentda o‘tirgan rahbarlar yaxshi biladi. Qani ular? Nima uchun yopildi? Bu savolga hech kim javob bera olmaydi. Bunga javob berish uchun ko‘p o‘ylashimiz kerak.
1966 yilda kuchli zilzila bo‘lgan. Shunda ittifoqning 15ta respublikasi kelib, Toshkentni qayta tiklashga ko‘maklashgan. Mana, Kozim Nosirovich shu yerda o‘tiribdilar (Toshkent shahrining sobiq hokimi Kozim To‘laganov - tah.). Men “o‘sha davrda qurilgan imoratlar kvadrat metri bilan Shavkat Miromonovich davrida, 2,5 yilda qurilgan importlarning kvadrat metri o‘rtasida farqi qancha ekan” desam, uch-to‘rt kundan keyin hisoblab chiqib “7-8 barobar ko‘p ekan”, deb aytdilar. Toshkent - Yangi Toshkent bo‘lyapti. O‘zingizlar ko‘rib turibsizlar. Ko‘pchilik qaytib kelyapti, o‘sha yerda olgan 500-600 dollar shu yerda berilyapti, quruvchilarimizning hammasi qaytib kelyapti. Bu prezidentimizning Toshkent shahriga bo‘lgan muhabbati deb bilaman.
Ayting-chi, qaysi davlat rahbari endi ishga kirishgan paytida o‘ziga qarshilik qilganlarni, siyosiy o‘yinlarda qamalib ketganlarni qamoqdan chiqarib yana ish beradi, tagiga mashina, kabinet berib, mukofotlar beradi? Yo‘q bunaqa davlat. Gap kim haqida ketayotganini balki bilarsizlar, balki bilmassizlar. Shavkat Miromonovich 30 yilda boshi egilib turgan Toshkent ziyolilarining qaddini ko‘tardi. Men Toshkent ziyolilari nomidan boshim yerga tekkuncha ta'zim qilaman”, dedi Qudratulla Rafiqov tadbir davomida.
Mavzuga oid
18:03 / 24.08.2025
Iordaniya podshohi davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024