O‘zbekiston Markaziy banki 2022 yil aprel oyi uchun “Aholining daromadlar kesimida inflatsiya darajasi va sezilgan inflatsiya” hisobotini chop etdi.
2022 yilning aprel oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar tomonidan sezilgan inflatsiya pasayuvchi dinamika ko‘rsatib, 14,6 foizni tashkil etgan.
Javoblarning mediana qiymati 11,4 foiz atrofida shakllangan.

Shu bilan birga, umumiy javob beruvchilar tarkibida sezilgan inflatsiyani 9-12 foiz atrofida his qilgan respondentlar soni ko‘pchilikni tashkil qilgan.

Respondentlarning ko‘pchilik qismi aprel oyida o‘simlik yog‘i, shakar, non, qandolat va un mahsulotlari qimmatlaganini sezishgan. Ichimliklar, dukkakli mahsulotlar hamda aloqa va internet narxi biroz oshganini ta’kidlashgan.

Faoliyat sohalari bo‘yicha umumiy ovqatlanish, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi hamda tibbiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan respondentlar tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi boshqa soha vakillariga nisbatan yuqoriroq shakllandi.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning aprel oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflatsiya 10,4 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi esa 13,4 foizni tashkil etgan. Markaziy bank hisobotida qayd etilishicha, iste’mol tovarlari narxlarining o‘zgarishi aholining turli daromadli guruhlariga turlicha qiymatga ega bo‘lgan.

Aprel oyida barcha daromad guruhlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi sekinlashgani kuzatilgan va bu ayrim asosiy turdagi meva va sabzavotlarning yangi hosili chiqishi hisobiga narxlarning mavsumiy pasayishi bilan izohlanmoqda.
















