Iqtisodiyot | 09:52 / 03.12.2018
30946
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 11 oy davomida inflyatsiya necha foizni tashkil etgani ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning noyabr oyida mamlakatning iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 2,3%ga ko‘tarildi. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak bermoqda.

Umumiy hisobda 11 oy davomida iste'mol sektorida inflyatsiya darajasi 12,0%ni tashkil etdi.

Ma'lumot uchun, 2017 yilning noyabr oyida respublika iste'mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 2,0%ni tashkil etgan. Oy davomida umumiy narxlar darajasining o‘sishiga oziq-ovqat mahsulotlari 1,5%, nooziq-ovqat mahsulotlar 3,4% va xizmatlar 0,5%ga ta'sir etgan

Oylik iste'mol narxlari o‘zgarishi tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotga inflyatsion bosimlarning oshishi joriy yilning sentabr oyidan e'tiboran kuzatila boshlangan. Sentyabrda o‘rtacha oylik iste'mol narxlari 1,8%, oktabrda 1,3% va noyabr oyida 2,3%, so‘nggi uch oylikda esa narxlar o‘rtacha ko‘tarilishi 5,4%ni tashkil etgan

Tovarlar oy davomidagi umumiy narxlar darajasining o‘sishiga 2,0%, 2017 yilning oxiriga nisbatan esa 11,3%ga ta'sir etgan.

Narxlarining oy davomida eng yuqori sur'atlarda oshgani yanvar oyida qayd etilgan bo‘lib, unda tovarlar o‘rtacha 3,0%ga qimmatlashgan. Joriy yilning may va iyun oylarida esa tovarlarning o‘rtacha narxlari darajasi aksincha, pasayganligi (oy davomida 0,6% va 0,5%) bevosita meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining mavsumiy arzonlashishi bilan bog‘liq

2017 yilning dekabr oyiga nisbatan tovarlarning iste'mol narxlari o‘zgarishi tom ma'noda umumiy INI o‘zgarishi tendensiyasini takrorlaydi: qiymatning maksimal darajaga yetishishi noyabr oyida (11,3%), minimali esa yanvarda (3,0%) kuzatilgan.

Joriy yilning noyabrida xizmatlar narxlarining oy davomidagi o‘sish sur'ati shu oydagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ko‘rsatkichlari darajasidan ortiqroq bo‘ldi. Xizmatlar 3,3%, oziq-ovqat mahsulotlari 2,7% va nooziq-ovqat mahsulotlari 1,2%ga qimmatlashdi. 

Mavzuga oid