Yig‘ilish avvalida prezident koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi.
— Kundalik matbuotdan xabaringiz bor, butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham kasallikka chalinganlar soni tobora ko‘payib borayotgani barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni, karantin bilan bog‘liq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga so‘zsiz va qat'iy amal qilishni talab etmoqda.
Albatta, barcha amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarimiz hamda shifokorlarimizning qahramonona mehnatlari evaziga bugungacha ushbu kasallikka chalingan 100 nafar yurtdoshimiz to‘liq tuzaldi.
Karantinga olingan 222 ming nafar kishidan 141 ming nafari undan chiqarildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Hukumat komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishlari zarur.
Birinchidan, biz pandemiya bilan bog‘liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va barcha resurslarimizni safarbar etishimiz zarur.
Ikkinchidan, mavjud vaziyatni har tomonlama chuqur tahlil qilib, bo‘lajak xavf-xatarlarni, ular bilan bog‘liq muammolarni oldindan prognoz qilishimiz va ularning yechimiga aniq reja va puxta choralarimiz bilan tayyor turishimiz zarur.
Uchinchidan, bu kasallikni yengish uchun barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz kerak.
Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash bo‘yicha telemeditsina orqali olib borayotgan muloqotlarimizni boshqa ilg‘or davlatlar bilan ham kengaytirishimiz, ularning tavsiyalarini o‘zimizda faol joriy etishimiz shart.
Bugun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ekspertlari bilan o‘tkazilgan videokonferensiya ham, albatta, bemorlarimizni davolashda o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb qat'iy ishonaman.










