Maktablarda darsdan oldin madhiya kuylanadi, tanaffusda vatan mavzusidagi she'r va qo‘shiqlar eshitiladi
Bu – keng miqyosda boshlab yuborilgan «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» targ‘ibot tadbirlarining bir qismi sifatida belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev imzolagan xat surati paydo bo‘ldi. Unda maktablarda darslar boshlanishi oldidan o‘quvchi va o‘qituvchilar jo‘r bo‘lib madhiya kuylashi, tanaffus vaqtida esa vatan haqidagi qo‘shiq va she'rlar eshittirilishi kerakligi aytilgan.
Dilshod Kenjayev xat haqiqiy ekanini Kun.uz'ga tasdiqladi.
2 noyabr sanasi bilan imzolangan xat tizimning 14ta hududdagi mas'ul rahbarlariga yo‘llangan. Bunday topshiriq berilishiga Prezident Administratsiyasining 23 oktyabrdagi yig‘ilishi bayoni asos bo‘lgan.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2020 yil 23 oktyabrdagi (№ 02-3041, 7-sonli) yig‘ilishi bayonining 8-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida, Sizdan, tasarrufingizdagi barcha umumta'lim muassasalarida har kuni dars boshlanishidan oldin sinf xonalarida (ikki smenali ta'lim muassasalarida ham darsdan oldin) O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan jo‘r bo‘lib kuylanishini hamda tanaffus vaqtlarida Vatan haqidagi qo‘shiq va she'rlarning (ta'lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, radio tarmog‘i yoki ovoz kuchaytirgich orqali) eshittirilishini tashkil etishingiz so‘raladi.
Shu munosabat bilan, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan «Umumta'lim maktablarida «Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida o‘qiladigan she'rlar eshittirilishini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar» 1-ilovaga, «Umumta'lim maktablarida vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar» 2-ilovaga hamda «Umumta'lim maktablarida foydalanish uchun tavsiya etilgan videoroliklar ro‘yxati» 3-ilovaga muvofiq yuborilmoqda», – deyiladi xatda.
Dilshod Kenjayevning Kun.uz'ga bildirishicha, umumta'lim muassasalarida madhiyani kuylash, qo‘shiq va she'rlarni eshittirish o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, tanaffus vaqtida eshittiriladigan qo‘shiqlar – mashhur o‘zbek xonandalarning Vatan haqidagi kuy-qo‘shiqlaridir.
«Yangicha O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida o‘zbek adabiyotining namoyandalari – Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa yozuvchi, shoirlarning ijod namunalarini eshittirish tavsiya etilishi qayd etilgan. Ro‘yxatda 50 nafar ijodkorning she'rlari o‘rin olgan. Eshittiriladigan qo‘shiqlar ro‘yxatida esa 41 nafar xonandaning shuncha miqdordagi ijod namunasi keltirilgan», – dedi u.
Ma'lumot uchun, noyabr oyida O‘zbekiston bo‘ylab «Yangicha O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori ostida keng ko‘lamli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar boshlangan.
Targ‘ibot tadbirlarini yil davomida o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita va Respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab tomonidan mahallalarda 7 yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilgan.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi «Ma'rifat» targ‘ibotchilar guruhi, Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, siyosatchilar, olimlar, madaniyat arboblari, san'atkorlar, psixologlar va yoshlardan iborat Respublika targ‘ibot guruhlari ham shakllantirilgan.
Targ‘ibot tadbirlaridan maqsad – O‘zbekistondagi islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish.
Mavzuga oid
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
20:51 / 18.11.2024