Iroda soatga bir qarab qo‘ydi-da, ho‘l sochini tezroq quritib, o‘qishga kech qolmaslik payiga tushdi. O‘zbekning mehmondo‘stligidan aylanay, soat 7 bo‘lishi bilan eshik taqillab qoldi. Biroq "kutilmagan mehmonlar" uyga birin-ketin kirib, tomdan tarasha tushganday, Irodalarning uyi shu bugun, hoziroq buzilishi ma'lum bo‘ldi.

Mover.uz' da ko‘rish

Joriy yilning 8 may kuni ushbu holat Andijon shahar, Mustaqillik MFYda istiqomat qiluvchi ko‘pchilik bilan yuz berdi. Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayevning aytishicha, Pushkin ko‘chasida joylashgan 110ta xonadon hokimlik qaroriga ko‘ra buzilmoqda. Asos bitta - davlat rahbarining tashabbusi bilan boshlangan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan mazkur ko‘cha ham tez orada o‘zgacha viqor bilan qad rostlaydi. Ushbu uylarda yashovchi aholiga tushunarsiz narsa esa nega dabdurustdan, 12 soat avval viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan uchrashgan kishilarning uyi buzilmoqda. Qolaversa, tushunarsiz vaziyatlar juda ko‘p: dasturga kiritilgan mahalla a'zolari nega ko‘chirib yuborilmoqda? Nimaga ko‘chlarni yig‘ishtirib, bamaslahat ish ko‘rishga imkon berilmadi? Ular endi qayerda yashaydi?

Ushbu jarayon to‘g‘risida ma'lumot yetib kelishi bilan, masalaga oydinlik kiritish maqsadida Andijon shahri sari otlandik. Xayolda esa ming xil o‘y charx ura boshladi. Ishqilib, men o‘ylaganchalik ayanchli ahvol ustiga bormaylik. Ming qilsa ham insonmiz, axir. Jonimiz achiydi.

Taxminan kunduzgi soat 10lar arafasida shahardagi Pushkin ko‘chasiga yetib keldik. Sizga atrofdagi "ob-havo"ni bayon etsam, bu ko‘cha aholi gavjum (aslida Andijon viloyatining o‘zi eng aholi tirband hudud hisoblanadi) mavze - Yangi bozor dehqon bozoriga juda yaqin joylashgan. Tabiiyki, bu atrofda yashayotgan deyarli yarim aholining asosiy daromadi mana shu bozorga bog‘langan. Qolaversa, ko‘cha sobiq Ittifoq paytida ancha nufuzga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo hozir biroz abgor holatga tushgan. Ichki ko‘chalar, kanalizatsiya va kommunal xizmatlar qoniqarsiz ahvolda. Shunga qaramay, Pushkin ko‘chasi joylashgan Mustaqillik MFYda 1326 nafar kishi istiqomat qiladi. Men bu raqamning rost ekaniga shubham bor, gap shundaki, mahallada Andijon viloyatining boshqa tumanlaridan doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan kishilar juda ko‘p.