21:52 / 13.02.2020
0
17878

Toshkentda metro qurilishi sabab binosi buzilgan tadbirkorga nega kompensatsiya to‘lanmadi?

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yerusti metro qurilishi sabab oshxonasi buzilgan tadbirkor hokimlikdan norozi. Hokimlik tadbirkorning buzilgan mulkiga teng ravishda mulk ajratmagan.

2017 yil Toshkentda elektrlashtirilgan xalqa temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlangan edi. Shu sababli prezident va shahar hokimining tegishli qarorlariga asosan, qator hududlardagi imoratlar buzilishga tushgan.

Tahririyatimizga «Bahromxon» MChJdan shikoyat kelib tushdi. Tadbirkorning aytishicha, yerusti metrosi qurilishi tufayli «snos»ga tushgan mol-mulki uchun belgilangan tartibda kompensatsiya berilmagan.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Yashnobod tumani Ohangaron shoh ko‘chasi 1-uyda bo‘lib, jamiyatning ish boshqaruvchisi Bahrom Roziqov bilan suhbatlashdik.

«Metro qurilishi munosabati bilan oshxonamiz buzildi. Omborxonalar ochiq qoldi. Hozir narsalarimizni qo‘shnimiznikiga qo‘yib turibmiz. Bir yil ham o‘tib ketdi. Haligacha ijarachilarga o‘xshab yuribmiz.

Oshxonamizning joyi 1900 kv metrga yaqin edi. Hozir bizga o‘shani yarmicha joy berishdi. Qurilishga hamma narsamiz tayyor. Faqat mablag‘ masalasi muammo tug‘diryapti.

Buzilgan oshxonamiz joyiga teng joy berishmayapti. Beramiz, deb va'da qilishadi. Lekin qachon berishi noma'lum.

Biz loyihani 1849 m.kv. joyga moslab tayyorlaganmiz. O‘sha joyni bersa, keyin qurilish ishlarini boshlar edik.

Kompensatsiya pulini ham berishmadi. Biz hammasini hisoblab qo‘yganmiz. Hokimiyatga ekspertizadan o‘tkazilib, xulosasi olingan 1,6 mlrd so‘mlik qiymat bahosini ham berganmiz. Lekin haligacha javob olmadik» – deydi Roziqov.

Shundan so‘ng Yashnobod tuman hokimligida bo‘ldik. Ayni shu kuni hokimlikda bu vaziyat bo‘yicha izoh bera oladigan biror mansabdor bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagan bo‘lsa-da, masala yuzasidan yozma ravishda munosabat bildirilishi ma'lum qilindi.

Va'da qilinganidek, masala yuzasidan hokimlik pozitsiyasi yozma ravishda taqdim etildi.

Unga ko‘ra, «Bahromxon» MChJga Yashnobod tumanidagi davlat zaxirasidagi bo‘sh yer maydonlari taklif qilingan, lekin tashkilot rahbariyati ushbu ko‘rsatilgan joylarni ma'qullamasdan, balki «Rohat» aylanasi atrofida o‘z mijozlariga egaligi, boshqa joydan yer olib qurgan taqdirda mijozlarini yo‘qotishi mumkinligini ta'kidlab, Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilgan va arizasi qanoatlantirilgan.

Tadbirkorga «Rohat» avtosaloni orqasidan 0,12 gektarli yer maydoni ajratib berish to‘g‘risida shahar hokimining qarori qabul qilingan.

Surishtiruvimiz davomida MChJga taalluqli hujjatlar bilan tanishib chiqdik. MChJga tegishli oshxona buzilishidan oldin, 2018 yil 3 dekabrda Yashnobod tuman hokimi vazifasini bajaruvchisi X.Tillashayxov imzosi bilan berilgan kafolat xatida «tuman hokimiyati qoshida tuzilgan komissiya xulosasiga asosan buzilayotgan mulkingiz qiymatidan kam bo‘lmagan kompensatsiya turi ajratilishi kafolatlanadi» deb va'da berilgan.

Lekin hokimlik bergan ma'lumotnomada kompensatsiya puli haqida esa hech narsa deyilmagan.

Ko‘chmas mulk obektiga kadastr ishi hujjatiga ko‘ra, MChJga tegishli yer maydoni buzilishdan oldin 1849 m.kv. bo‘lgan. Ya'ni 18 sotixli oshxona buzilib, o‘rniga kompensatsiya tariqasida 12 sotixli yer maydoni berilgan.

Ajablanarlisi shuki, hokimlik qaysi qonun hujjatlariga asosan tadbirkor yo‘qotgan 18 sotixli yer maydoni o‘rniga 12 sotix ajratib qutulmoqchi?

Axir qonunda, fuqarolar tomonidan umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan foydalaniladigan yer uchastkalari olib qo‘yilgan taqdirda ularga umrbod egalik qilish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan teng qiymatli yangi yer uchastkasi berilishi qat'iy belgilab qo‘yilgan emasmi?

Bundan tashqari, tadbirkorning ko‘chmas mulk obektlari buzilishi bilan bog‘liq holda ko‘rgan zarari ham qoplab berilmagan.

Vaholanki, yer uchastkalarini olib qo‘yish – buzilayotgan imoratlar va daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash orqali amalga oshirilishi kerak.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top