O‘zbekiston | 09:47 / 23.06.2021
29271
19 daqiqa o‘qiladi

Metro endi xavfsiz transport emasmi? Ko‘ngilsizliklar qachongacha davom etadi?

20 iyun kuni metroda yana bir ko‘ngilsizlik ro‘y berdi, jarayon aks etgan videolar internetda tarqalgan. Bu Toshkent metropolitenida yil boshidan buyon (OAVga ma'lum bo‘lgan) 10-favqulodda holat. Ko‘ngilsizliklarning aksariyati mart-may oylarida kuzatilgan.

Voqealar xronologiyasi

18 mart kuni «Olmazor» va «Choshtepa» orasidagi tunnelda 4 vagonli poyezd to‘xtab qolgan, natijada shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan navbatdagi poyezd vagonlarga kelib urilgandi. Rasmiy bayonotda vagonlarga katta zarar yetmagani ta'kidlansa-da, internetda tarqalgan suratlarda ortdan kelib urilgan poyezdning old qismi yaxshigina pachoqlanganini ko‘rish mumkin.

7 aprel kuni Toshkent metrosida yana ikki poyezd to‘qnashgani haqida xabar tarqaldi. Metro ma'muriyati to‘qnashuv bo‘lganini rad etgan. Rasmiy izohda poyezd «G‘ofur G‘ulom» bekatida texnik sabablarga ko‘ra to‘xtatilgani, yo‘lovchilar vagonlardan tushirilib, navbatdagi poyezdga o‘tkazib yuborilgani ma'lum qilindi.

8 aprel kuni «Qipchoq» bekatidan «Olmazor» bekati tomon harakatlangan metro poyezdi yer usti yo‘lida to‘xtab qoldi. Yo‘lovchilar 15 daqiqa harakat tiklanishini kutishgan, ammo o‘zgarish bo‘lmagach, odamlar vagonlardan tushib keyingi bekatgacha piyoda borishgan. Bekatlar orasida harakat 6 soat davomida to‘xtab qolgan.

9 aprel kuni «Pushkin» va «Buyuk ipak yo‘li» bekatlari oralig‘ida poyezd vagon eshiklari ochiq harakatlangani videosi tarqaldi. Metro ma'muriyati hodisa uchun uzr so‘radi.

12 aprel kuni Sergeli yo‘nalishining «3-Bekat» stansiyasidagi vaqtni ko‘rsatuvchi soat tablosida nojo‘ya so‘zlar yozilgani aks etgan videolavha tarqaldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» tablodagi yozuv hakerlar ishi ekanini ma'lum qildi.

28 aprel kuni Chilonzor yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd vagoni tunnel ichida to‘xtab qolgani, ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar «Novza» bekatigacha piyoda ketayotgani aks etgan video va fotolar tarqaldi. Metrodagi nosozlik tufayli shahar jamoat transportida yuqori darajadagi tirbandlik yuzaga kelgandi.

7 may kuni soat 21:10dan 22:00gacha Toshkent metropoliteni Halqa yo‘lining 7-bekatida elektr energiyasi o‘chib qoldi.

13 may kuni «Amir Temur xiyoboni» bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborildi. Rahbariyat holatni Chilonzor yo‘nalishida texnik-profilaktika ishlari olib borilgani bilan izohladi.

24 may kuni tongda poyezd «Hamid Olimjon» bekatida to‘xtab qolgan. Rasmiy izohda mashinist poyezdda nosozlikni aniqlagani uchun tarkibni to‘xtatgani aytilgan.

11 iyun kuni internetda «Kosmonavtlar» bekatida yo‘lovchilar poyezddan tushirib yuborilgani videosi tarqaldi. Rahbariyat buni metro vagonida shubhali buyum qoldirib ketilgani bilan izohlagan.

20 iyun kuni soat 22:10da «Olmazor» bekatidan «1-bekat» tomon harakatlangan poyezdda yana ko‘ngilsizlik sodir bo‘lgan. Telegramda tarqalgan videoda yo‘lovchilar vahimaga tushib baqirayotgani, poyezd to‘xtashi bilan undan shoshib tushishayotgani, shuningdek, yo‘lovchilar eshigi ochilmay qolgan vagonlardan birining oynasini sindirishga urinayotgani aks etgan. Metropoliten ma'muriyati aynan qanday ko‘ngilsizlik ro‘y bergani, vagon eshiklari nima uchun ochilmay qolganiga oydinlik kiritmagan. Rasmiy xabarda xavfsizlikni taminlash maqsadida yo‘lovchilar Olmazor bekatida tushirilgani, nosozlikni aniqlash maqsadida tarkib depoga jo‘natilgani qayd etildi.

Metrodagi ko‘ngilsizliklar haqida kim qanday fikrda?

Yuqoridagilar faqat yo‘lovchilar guvoh bo‘lgan va internetga sizib chiqqan holatlar. Ro‘y berayotgan hodisalar internet foydalanuvchilarida nosozliklar ko‘lami bundan ham keng bo‘lishi mumkinligi, Toshkent metropoliteni bundan buyon xavfsiz transport emasligi haqidagi xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.

«Har doimgidek standartlarga, texnologiyalarga rioya etmaslik, muddatidan oldin topshirish, «ura-ura» bilan tez-tez bitirish, kechasi-yu kunduzi majlisbozlik qilish natijasi – bu. Yana O‘TYdagilar bunday holatni biz bilar edik, shunday bo‘lishini kutgan edik, lekin muddatidan sal oldin bo‘lib qoldi deb izoh berib qo‘ya qoladi», deb yozadi Anortoy Shoazimov.

«Eh, sharmanda qilib bo‘lishdi. Tegishli tashkilot vakillariga chora ko‘rilmaguncha [vaziyat] o‘nglanmaydi shekilli», deydi Dilshod Temirov.

«Toshkent metrosi ekstremal joy bo‘lib qoldi. Juda-juda xavfli joy bo‘lib qoldi!» deya yozg‘iradi Abdumalik Mahmudov.

Davron Asadullayev esa metro ochilganiga necha yillar bo‘lganini, shu paytga qadar bironta to‘xtash yoki avariya holatini eshitmagani, nega shu 1 yil mobaynida metro bilan muammolar bo‘layotganini hech tushuna olmayotganini ta'kidlaydi.

«Metroga tushganda bugun bizni nima kutarkan, deb tushamiz shekilli», deya o‘z xavotirlarini bildirgan Zahro Zakirova.

«Eski metroni haqiqiy mutaxassislar qurgani uchun 45 yildan beri biror ko‘ngilsiz voqea yuz bermagandi. Hozir metroni ham, binolarni ham, ko‘prik va to‘g‘onlarni ham arzon ishchi kuchi – mardikorlar qurishyapti. Avvallari har bir soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanar edi. Bo‘yoqchi chilangarlik yoki sartarosh quruvchilik qilmasdi», deya ta'kidlaydi Dilorom Azizova.

«Rivojlangan mamlakatlarda metro inshootlarining ekspluatatsiyasi yuz yillarga yetadi. Bizning mamlakatda esa bir necha yilga qolmasdan xalqning hayotini xavf ostiga qo‘yib ishdan chiqmoqda. Bularning sababi ayon hammaga: chalasavod mutaxassislar va o‘g‘rilik. Qachongacha bu davom etarkin? Hech bo‘lmasa qo‘lidan kelmasligini tan olib, boshqa mamlakatlardan mutaxassis yollasa bo‘ladi-ku bunday strategik obektlarga. Esiz, xalqning peshona terisidan to‘plangan soliq va to‘lovlar evaziga to‘ldirilgan davlat budjeti...», deb yozadi Karomat Ibragimova.

«Axir 83 mln dollar kichkina sarmoya emas, shuni odamga o‘xshab, xalqaro tender e'lon qilib, biror tajribasi bor, zamon talabiga mos keladigan qilib quradiganlarga topshirilsa bo‘lmasmidi?! Mayli 1-2 so‘m qimmatroqqa tushar, har holda hozirgiga o‘xshab har ikki oyda buziladigan metro bo‘lmas edi», deydi Jasur Abdurahmonov.

«Bu pulga [83 mln dollarga] Elon Mask Hyperloop qurib berardi», deb yozgan Saidabror Abdurashidov.

«Metro qurilishiga xalqning, davlatning qancha puli sarflanmoqda. Afsuslanarli va juda alamli bu. Davlat nazorati qayerda qoldi? Qonunlar qachon haqiqatda ishlay boshlaydi?» deya kuyunadi Rustam Shohnazarov.

«Bizda qurilishniyam, hamma sohada qilinayotgan ishlarning sifati past. Shu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan odamlar jazolanmaydi, kechirim bilan qutuladi. Bunaqada o‘zgarish qilib bo‘lmaydi. Bu insonlar o‘z xatosi tufayli boshqalar hayotini xavfga qo‘yishi birinchi marta bo‘lsa, ikkinchisi, budjet pullarini sovurishyapti. Shunaqa ayb bilan kechirim so‘rab qutulish mantiqqa to‘g‘ri keladimi?!» deydi Xursanoy Oxunjonova.

Qachongacha uzr bilan kifoyalanish mumkin?

Har safar metro bilan bog‘liq ko‘ngilsizliklar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirarkan, «Toshkent metropoliteni» UK yoki «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yuzaga kelgan noqulaylik uchun yo‘lovchilardan uzr so‘rash bilan kifoyalanadi. Hatto hech qanday uzr so‘ralmagan, aksincha rasmiy munosabatda barcha aybni yo‘lovchilarga yuklashga, OAV va internet foydalanuvchilarini yolg‘on axborot tarqatishda ayblashga urinilgan holatlar ham bor.

Odatda, metroda yuz beradigan favqulodda holatlar «texnik-nosozlik ro‘y bergani» bilan izohlanadi. Nari borsa, hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani, vaziyatga oydinlik kiritish uchun ishchi guruh tashkil etilgani aytiladi. Biroq xabarlarning izi sovishi bilan «texnik-nosozlik»ka nima sabab bo‘lgani, kelgusida bunday voqealar takrorlanmasligi uchun nimalar qilingani haqida aksar hollarda rasmiy ma'lumot berilmaydi.

Shuningdek, yuzaga kelgan nosozliklar bo‘yicha tayinlangan xizmat tekshiruvlari natijalari ham ko‘p hollarda jamoatchilikka oshkor qilinmaydi. Faqatgina 9 aprel kuni «Pushkin» va «Buyuk ipak yo‘li» bekatlari oralig‘ida vagon eshigi yopilmagan holda harakatlangan poyezd mashinisti, tarkibning elektr-chilangari va katta ustasi ishdan bo‘shatilgani, shuningdek, xizmat tekshiruvi natijasida elektrodepo boshlig‘ining tarkiblarni ta'mirlash bo‘yicha o‘rinbosariga maoshining 40 foizi miqdorida jarima tayinlangani ochiqlangan, xolos.

18 mart (poyezd «texnik sabablarga ko‘ra» tunnelda to‘xtab qolgan), 7 aprel (poyezd «G‘ofur G‘ulom» bekatida texnik sabablarga ko‘ra to‘xtatilib, yo‘lovchilar boshqa poyezdga o‘tkazilgan), 8 aprel (poyezd «texnik muammo» sababli yer usti yo‘lida to‘xtab qolgan), 24 may (poyezd «texnik sabablarga ko‘ra» metroning «Hamid Olimjon» bekatida to‘xtab qolgan) kunlari ro‘y bergan avariyalarga nima sabab bo‘lgani aytilgani yo‘q.

20 iyunda ro‘y bergan holat hali yangi ekani, nosozlik sabablarini aniqlash muayyan vaqt talab qilgani uchun bu hodisani ro‘yxatga tirkaganimiz yo‘q. Biroq metro ma'muriyati 13 may kuni Chilonzor yo‘nalishida texnik-profilaktika ishlari nima uchun aynan kunduz kuni, yo‘lovchilar oqimi tig‘iz paytda olib borilganiga ham oydinlik kiritishi kerak, nazarimizda. Qolaversa, 18 martdagi holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari tergovga qadar surishtiruv o‘tkazayotgani ma'lum qilingan esa-da, jamoatchilik shu paytgacha surishtiruv natijasidan bexabar qolmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining rasmiy munosabatida ham Toshkent metropolitenidagi voqealar «xizmat ko‘rsatuvchining o‘z majburiyatlarini bajarmayotganidan dalolat berayotgani» ta'kidlab o‘tiladi. Qo‘mita «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra «Toshkent metropoliteni» shahar yo‘lovchilar transportining bir maromda ishlashini tashkil etish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini, transport vositalari harakati xavfsizligini ta'minlashga mas'ul ekanini eslatgan.

Savollar, e'tirozlar juda ko‘p. Vaziyatni osongina uzr so‘rash bilan xaspo‘shlash, har safar suvdan quruq chiqib ketaverish jamoatchilikning haqli e'tirozlarini yuzaga keltirmoqda. Bunday vaziyatda nazorat organlari – Transport prokuraturasi, Transport vazirligi jilovni qo‘lga olishi, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlashlari shart.

G‘alati bayonot

16 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent metropoliteni rahbari Oybek Xudoyqulov jurnalistlarning savoliga javoban Sergeli yo‘nalishida yuz bergan «texnik muammo» avvaldan kutilganini aytib o‘tgan.

«Biz bilgandik shunaqa bo‘lishini, shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. Faqat bir oydan keyin boshlanadi deb turgandik. Chunki bu havo haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat edi. Bilardik relslarning uzayishini. Temir yo‘lda ham bor bu narsa. Hammasini hisobga olib qo‘yganmiz, lekin hali vaqt bor deb o‘ylagandik. Harorat 20 gradus bo‘lgani uchun hali bor deb o‘ylagandik, shunday holat yuz berib qoldi», – deya Oybek Xudoyqulovning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

G‘alati bayonot, shunday emasmi?! Avariya sodir bo‘lishi oldindan ma'lum bo‘lganmish-u, ammo ushbu hodisa kutilganidan avvalroq ro‘y berib qolganmish. Mas'ullar bunday bayonotlardan uyalishlari kerak.

Xo‘p, shunday holat yuz berishini oldindan bilishgan ham deylik. Buning oldini olish uchun albatta favqulodda holat yoki fojia yuz berishi shartmi? Yaxshiyamki, shuncha ko‘ngilsizlik ro‘y bersa ham qurbonlar bo‘lgani yo‘q. Tizimda nimanidir o‘zgartirish uchun kimdir qurbon bo‘lishini kutish shart emas-ku!

Yangi rahbar vaziyatni o‘nglay oladimi?

12 iyun kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Toshkent metropoliteni rahbari o‘zgarganini e'lon qildi. Jamoatchilik buni metrodagi ketma-ket ko‘ngilsiz hodisalar ortidan chiqarilgan qaror o‘laroq qabul qildi.

Yangi rahbar – Rahmonbek Usmonov Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan bo‘lsa-da, faoliyati asosan mahalliy davlat hokimiyati organlarida kechgan. Usmonov 2011 yildan 2018 yil apreliga qadar Toshkent shahriga hokimlik qilgan. Ungacha esa Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari, Yakkasaroy tumani hokimi, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari bo‘lgan.

Shahar hokimligidan olinganidan so‘ng O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Rahmonov Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olingani ortidan 2018 yili 3 oktyabrida uning o‘rnini egallagan edi. 2021 yil boshidan esa transport vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Xo‘sh, Usmonov Toshkent metropoliteni boshidagi «qora bulut»larni tarqata oladimi? Yangi rahbar sohada to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga qodirmi? Hozircha bu haqda bir narsa deyish qiyin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Muammoning yechimi bormi?

Toshkent metropolitenining 2021 yilgacha bo‘lgan 43 yillik faoliyati davomida so‘nggi bir yildagi kabi holatlar kuzatilmaganining sabablari juda ko‘p. Avvalo bu keyingi paytda fuqarolarning faollashgani, ijtimoiy tarmoqlarning rivoji, metropolitenda suratga va videoga olishga ruxsat berilgani bilan bog‘liq. 2018 yilning 1 iyunigacha metropolitenda tasvirga olish taqiqda edi va shu bois ham garchi nosozliklar, avariyalar yuz bergan esa-da, bunday holatlar jamoatchilikka ma'lum bo‘lmay qolavergan. Bu tanganing bir jihati.

Mutaxassislar ketma-ket sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklar metropoliten faoliyatida ishlatilayotgan jihozlar eskirayotgani, ehtiyot qismlar tez ishdan chiqayotgani bilan ham bog‘liqligini aytishyapti. Xarajatlar uchun ajratilayotgan pul yetmayotgani, balki kerakli manziligacha yetib bormayotgani, «Toshkent metropoliteni» UK moliyaviy mustaqil emasligi, o‘zini o‘zi qoplay olmasligi, davlat tomonidan ajratiladigan dotatsiyaga qaramligi uchun kerak paytda lozim ehtiyot qismlarni ololmayotgani ham muammolarga sabab bo‘layotgani ehtimoldan xoli emas.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilning dastlabki 3 oyida yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 31,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Metroda haftaning dushanba–juma kunlarida bir kunda 330 minggacha yo‘lovchi tashiladi. Dam olish kunlari yo‘lovchilar nisbatan kamayadi: 140–150 mingga tushadi. Bir oyda yo‘lovchilardan tushgan mablag‘ 10,5 mlrd so‘m bo‘ladi va shundan 8,5 mlrd so‘m tizimda faoliyat yuritayotgan 4200 nafar xodimga oylik sifatida beriladi. 3 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ elektr energiyasiga sarflanadi.

«Metro o‘zini o‘zi qoplamasligi sir emas. Shuning uchun har yil yakunida keyingi yil xarajatlari uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘ni taxminan hisoblab, Moliya vazirligiga ma'lum qilamiz. Jumladan, 2021 yil xarajatlari uchun bizga davlat tomonidan 45 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Tan olishimiz kerak, topayotgan pulimiz o‘zimizning xarajatlarimizga yetmaydi. Buning oldini olish maqsadida yo‘lkira narxlarini ko‘tarish haqida ham taklif kiritganmiz. Lekin davlat rahbari bunga yo‘l qo‘ymasdan kerakli mablag‘ davlat tomonidan subsidiya qilib berilishi haqida topshiriq bergan», degan edi «Toshkent metropoliteni» UK sobiq rahbari Oybek Xudoyqulov.

Bizningcha, metro xarajatlarini dotatsiya shaklida budjetdan qoplash – muammoning yechimi emas. Qolaversa, tizimda haddan ziyod markazlashgan boshqaruv mavjudligi, xarajatlar shaffof emasligi, kadrlar qo‘nimsizligi bilan bog‘liq muammolar ham yig‘ilib qolgan. Bularning barchasini hal qilish uchun «Toshkent metropoliteni» UK moliyaviy mustaqil bo‘lishi, xarajatlarini o‘zi qoplashi barobarida daromad ham topa olishi, buning uchun esa sohaga bozor mexanizmlari joriy qilinishi kerak, tushumlar «tuya» qilinishining oldini olish uchun esa kirim-chiqim hisobotlari jamoatchilik uchun ochiq va shaffof bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, sohaga metropoliten muammolarini ichidan biladigan, sohaning o‘zidan chiqqan mutaxassis rahbarlik qilishi shart, turli sabablarga ko‘ra tizimni tark etib ketgan malakali mutaxassislar ishga qaytarilishi ham ko‘ngilsizliklarga barham berish vositasi bo‘lishi mumkin.

Albatta, texnogen avariyalar, nosozliklar transport sohasining ajralmas bir qismi. Boshqa davlatlardagi metropoliten faoliyatida ham bunday holatlar uchrab turadi. Shu bois, buni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish mumkin. Biroq ko‘ngilsizliklar borgan sari tez-tez sodir bo‘layotgan ekan, buni jiddiy signal sifatida qabul qilish kerak. Yo‘qsa, buning pushaymoni achchiq bo‘lishi shubhasiz.

Jamshid Niyozov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid