Xususiy sarmoyaning kirib kelishi – oliy ta’limimizdagi eng katta yutuqlarimizdan biri. 2016 yilda boshlangan bozor munosabatlari borasidagi islohotlar uchun oliy ta’lim qulay soha bo‘ldi. Sababi oddiy: yildan yilga o‘sib borgan talabga qaramasdan, davlat universitetlarida o‘rnatilgan qabul kvotasi jamiyatda millionlab o‘qimaganlar “bozori”ni paydo qildi. Raqamlar: 2023 yilda davlat universitetlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 986 mingdan oshgan bo‘lsa-da, ularga ajratilgan qabul kvotasi 381 mingtani tashkil qilgan.

Oliy ta’lim qamrovini oshirish uchun xususiy universitetlarga nafaqat kunduzgi, balki sirtqi ta’limni tashkil qilishga ruxsat berilishi bu bozorni biznes uchun juda jozibali qilib yubordi. Muqobil taklifi bo‘lmagan yoshlarga bilim berib, jamiyatda ijobiy o‘zgarish qilish kabi xayrli ish asosiga biznes qurish va bu orqali daromad topish har bir tadbirkorning orzusi bo‘lsa ajabmas. Shu sababli ham, taklifga mutanosib ravishda xususiy universitetlar soni so‘nggi 6 yil ichida 85 tadan oshib ketdi.

Xususiy oliy ta’lim bozori

Fikrimcha, muammoga kirishdan oldin oliy ta’lim bozorining umumiy ko‘rinishi va undagi ishtirokchilarga to‘xtalib o‘tish lozim.

Yaqin yillargacha O‘zbekistonning oliy ta’limi ikkita asosiy o‘yinchining hukmronligi ostida bo‘lgan: davlat universitetlari va kam sonli xalqaro universitetlar filiallari. Eski qolipdan endigina qutulishni boshlagan davlat universitetlari yillar davomida zamon talabiga mos kelmaydigan darsliklar, malakali mutaxassislar taqchilligi va erkin tadqiqot qilishga qo‘yilgan to‘siqlar girdobida qolib ketgani ko‘p bahs qilingan.

Boshqa tarafdan, 2000-yillar boshlaridan bozorga yangi kadrlar tayyorlash zarurati bilan xalqaro standartlar asosida ta’lim beruvchi chet el universitetlarining filiallari kirib kela boshladi