O‘zbekiston | 18:22 / 09.08.2018
31652
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident aholidan chiqindilar bo‘yicha to‘lovlarni MIB tomonidan yig‘ish haqida topshiriq berdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni atrof-muhitni muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori natijasida ilgari boshqaruvchisi va egasi bo‘lmagan mazkur sohada yagona tizim shakllandi. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida tashkil qilingan “Toza hudud” korxonalari joriy yilning yetti oyida 49 milliard so‘m daromad olishga erishdi. Joylarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilmoqda. Yil oxirigacha aholini chiqindi tashish xizmati bilan qamrab olish darajasi 62 foizga yetkazilishi kutilmoqda.

Biroq mazkur yo‘nalishdagi ishlar hali yetarli emasligi, yana qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi ta'kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Aholini chiqindi tashish xizmati bilan 100 foiz qamrab olish uchun yana 500ta maxsus texnika sotib olish, sohada davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishini keng joriy etish, aholidan to‘lovlarni Majburiy ijro byurosi tomonidan yig‘ish bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Mavzuga oid