Shavkat Mirziyoyev - chet elda o‘qib kelib, rahbar sifatida ishlayotgan yoshlar haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni ma'naviyat masalalariga bag‘ishlangan selektor o‘tkazdi. Selektorda davlat rahbari xorijda o‘qib kelgach, mas'ul lavozimlarga tayinlanayotgan yoshlar haqida to‘xtaldi.
«Yoshlarga katta-katta lavozimlarni ishonib topshiryapmiz. Ularda bilim bor, iste'dod bor. Afsuski, ayrimlari milliy zamin, milliy ma'naviyatimizdan uzoqlashib ketgani sezilib qolmoqda. Ularning ko‘plari o‘zlari o‘qib kelgan xorijiy davlatlardagi tajribani tez va shoshilinch amalga oshirmoqchi bo‘lyaptilar, ammo bunday natijaga o‘sha davlatlar bir necha yuz yillar davomida erishgani haqida ular o‘ylab ko‘rmayapti.
Men bunday yoshlarimizga milliy tariximiz va qadriyatlarimizni, o‘z ijtimoiy muhitini chuqur o‘rganishni maslahat bergan bo‘lar edim», – dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni chuqur tushunib, ta'sirchan tilda yetkazib beradigan tahlilchi va ekspertlar juda kamligini qayd etdi.
«Bugun dunyoda insonning ongi va qalbini egallash tobora kuchayib bormoqda. Bu ishning boshida turgan kuchlar o‘z maqsadiga erishish yo‘lida targ‘ibotning barcha usullaridan unumli foydalanyapti. Shunday vaziyatda jamiyatimizni ma'naviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz zarur.
Umuminsoniy, milliy va diniy qadriyatlarimizga bepisandlik holatlariga qarshi kurashning metodologik asoslarini shakllantirishimiz lozim.
Shu ma'noda Ma'naviyat va ma'rifat, Taraqqiyot strategiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazlari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi tadqiqot institutlari haqiqiy aql markazlariga aylanishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
19:16
“Muhokamada hali takomiliga yetmagan” – “Ma’naviyat ekspertizasi” qaytarilishi mumkin
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
10:11 / 28.11.2024