Markazda 10ta davolash korpusi bo‘lib, 370ta o‘ringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda.

Toshkent va Qo‘qon shaharlari, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda markazning hududiy filliallari tashkil etilgan. Ularning har birida palliativ yordam bo‘limlari ochilgan. Ilk bor, barcha hududiy onkologik muassasalar jami 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan jihozlandi. Tibbiyot markazi bilan barcha filiallar o‘rtasida telemeditsina amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.

Bemorlar uchun eng qiyini kerakli dorilarni topish va sotib olishdir. Shu bois bu borada davlat tomonidan ham ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016 yilda 8 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 62 milliard so‘mga yetgan.

Davlat rahbari markazda davolanayotgan bolalarga shifo tilab, ota-onalariga dalda berdi.

«Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan o‘tib, tezroq sog‘ayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand bo‘lamiz. Men bolalar, yoshlar haqida ko‘p gapiraman, ularga katta umidlar bog‘layman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib yetishsin. Ulug‘ ayyom kunlarida Xudodan shuni so‘raymiz», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident markazning hozirgi imkoniyatlari yetarli emasligini ta'kidlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi.