Yunusobod MIB xodimi depozitdagi qariyb 1 mlrd so‘mni o‘zlashtirib, onlayn qimorga tikib yubordi
MIBning Yunusobod tumani bo‘limining depozit bo‘yicha mutaxassisi 13 nafar fuqaroning plastik kartasiga o‘tkazib olish orqali bo‘lim depozit hisobraqamidagi mablag‘dan 932 mln so‘mni o‘zlashtirib yubordi. U bu pullarni onlayn qimorga tikib, yutqazgan. 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan xodim suddagi ko‘rsatmasida o‘zlashtirilgan pullardan 200 mln so‘mini bo‘lim boshlig‘iga berganini aytgan.
Qariyb 1 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan MIBning Yunusobod tumani bo‘limi xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 1992 yilda tug‘ilgan M.B. 2022 yil 2 dekabrdan 2023 yil 21 iyulga qadar MIBning Shayxontohur tumani bo‘limi depozit bo‘yicha mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritgan. U 2023 yil mart oyida ijro hujjati bo‘yicha qarzdorning ortiqcha to‘langan 46 mln so‘m pulini egasiga qaytarmasdan jiyanining plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
Bundan tashqari, M.B. 2023 yil 21 iyuldan 27 dekabrga qadar MIBning Yunusobod tumani bo‘limi depozit bo‘yicha mutaxassisi lavozimida ishlagan. U bu yerda ham qisqa muddatda katta miqdordagi pul mablag‘ini o‘zlashtirgan. Ya’ni M.B. jiyani va boshqalar bilan til biriktirib, bo‘lim ish yurituvida ijro hujjatlari mavjud bo‘lmagan 13 nafar fuqaroning plastik kartasiga depozit hisobraqamdagi qoldiq mablag‘ hisobidan jami 932 mln 986 ming so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib olgan. So‘ngra esa ushbu pullarni onlayn qimorga tikib, yutqazib qo‘ygan.
M.B. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda bu ishlardan MIBning Yunusobod tumani bo‘limi boshlig‘i X.T. xabardor bo‘lganini aytgan.
“46 mln so‘m pulni byuroning Shayxontohur tuman bo‘limiga 2023 yil dekabr oyida to‘liq qaytarganman. Byuroning Yunusobod tumani bo‘limida ishlagan davrimda jiyanim, uning singlisi va boshqa fuqarolarning plastik kartalariga MIB Yunusobod tumani depozit hisobraqamlaridan pul o‘tkazdim. Ushbu pullardan 200 mln so‘mini o‘rtamizdagi kelishuvga asosan 2023 yil oktyabr oyida bo‘lim boshlig‘i X.T.ga berdim. Qolgan qismini esa elektron qimor o‘yinlariga sarflab yubordim.
Depozit hisobraqamidagi pullar bo‘limda ijro ishi mavjud bo‘lmagan 13 nafar fuqaroning plastik kartalariga o‘tkazgani holatidan faqat X.T.ning xabari bor edi. Bo‘lim boshlig‘i ushbu pullarni olmaganida men depozit hisobraqamidan pullarni o‘tkaza olmasdim. Chunki asosiy kalit bo‘lim boshlig‘i X.T.da bo‘lgan. Boshqa xodimlarga bu kalitni foydalanish uchun berishi yoki uning kodini aytishi mumkin emasdi”, degan M.B. o‘z ko‘rsatmasida.
Sudda guvoh sifatida so‘ralgan X.T. bu ayblovni rad qilgan.
“2023 yil 4 sentabrdan 2024 yil 2 fevralgacha byuroning Yunusobod tumani bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaganman. Bo‘lim depozit hisobraqamlaridagi pul mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan byuroning Toshkent shahar boshqarmasi hujjatli tekshirishlar bo‘limi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
Tekshirishda byuroning Yunusobod tumani bo‘limi sobiq depozit bo‘yicha mutaxassisi M.B. jami 947,3 mln so‘m mablag‘ni bo‘lim ish yurituvida ijro hujjati mavjud bo‘lmagan 14 nafar fuqaroning plastik kartalariga asossiz ravishda o‘tkazib yuborgani aniqlandi. Bundan mening xabarim yo‘q edi. Ushbu holatni aniqlashim bilan rahbariyatga bildirgi orqali murojaat qilganman. Depozit hisobraqamidagi pul mablag‘larining ijro ishlari bo‘yicha maqsadli sarflanishi bo‘lim boshlig‘i va depozit bo‘yicha mutaxassis tomonidan nazorat qilinishi lozim.
Bo‘lim boshlig‘i sifatida iqtisodiy bilimga ega emasligim oqibatida mazkur holat kelib chiqqan deb o‘ylayman. M.B. menga nisbatan tuhmat qilmoqda, hech qanday 200 mln so‘mni olmaganman. Aksincha, holatni sezib qolganimdan so‘ng darhol prokuraturaga o‘zim xabar berganman.
E’tibor berilsa M.B. birinchi pul o‘tkazmasini 2023 yil 4 sentabr kuni amalga oshirgan. Men 2023 yil 4 sentabrda MIB Yunusobod tuman bo‘limi boshlig‘i etib tayinlangan bo‘lsam ham, ish faoliyatimni taxminan 10 sentabrdan boshlaganman”, deya ta’kidlagan X.T. ko‘rsatmasida.
Sud hukmi bilan M.B. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a, g” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Unga 6,5 yil muddatga muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, moddiy zararni qoplash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasi depozit hisobraqamiga topshirilgan 100 mln so‘mni MIBning Yunusobod tumani bo‘limi hisobraqamiga o‘tkazish, M.B.dan bo‘lim foydasiga 832 mln 986 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilangan.
Mavzuga oid
08:00 / 05.12.2024
321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi
13:29 / 30.11.2024
MIB Sud ijrochilari xalqaro ittifoqi bilan hamkorlik qiladi
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
12:01 / 09.11.2024