Shunaqa tizim bor. Mavsum yakunlangandan so‘ng, hech qaysi klub bilan shartnomasi bo‘lmagan, ya'ni erkin agentga aylangan futbolchi yangi jamoaga o‘tish uchun «ko‘tarma puli» oladi. Klub biror futbolchini boshqa klubdan sotib olishi uchun transfer qiymatini to‘lashi kerak – erkin agentni qo‘lga kiritadigan jamoa esa, bunday harajatni amalga oshirmaydi. O‘rniga, qaysidir ma'noda transfer qiymati futbolchining o‘ziga to‘lanadi.
Necha yildirki, «ko‘tarma pullar» haqida futbol jamoatchiligida salbiy fikrlar yuradi. Rivojlanish yo‘lida chopib ketayotgan o‘zbek futboli oyog‘ida bolta urayotgan unsurlardan biri sifatida ko‘p bor tilga olinadi.
Albatta, bu usul futbolchilarni dangasa qilib qo‘yayotgan, ishtiyoqni o‘ldirayotgan, noqonuniy pul aylanmasini yaratayotgan bo‘lishi mumkin, buni inkor qilmayman, lekin vaziyatga chuqurroq qarab ko‘rganda, men «ko‘tarma pullar» illatlarning sababi emas, oqibati ekanini, avvalo, sabablar bilan kurashish maqsadga muvofiqligini aytgan bo‘lardim.
Avvalo, yilning boshida katta pul olish futbolchilardagi ambitsiyalarni o‘ldirishi haqida. Bu fikrga qo‘shilmayman. Bizda aytaylik, klublar g‘alaba yoki durang uchun futbolchilarga alohida mukofot pullari berishadi. Mukofot summasi maosh bilan taqqoslaganda, yaxshigina mablag‘ bo‘ladi. Yevropada esa, futbolchilar shartnomada fikslangan summani olishadi. Jamoa g‘alaba qozonadimi, futbolchi maydonga tushadimi yoki yo‘qmi, bu maosh sezilarli ravishda o‘zgarmaydi. Hatto yakunda chempionlik uchun beriladigan bonus pullar ham maosh bilan taqqoslaganda juda kam. Lekin ko‘ryapmizki, motivatsiya bobida yevropalik futbolchilarda muammo yo‘q. Pulning miqdori futbolchining harakatlariga ta'sir qilar ekan, gap pulning miqdorida emas, futbolchining qadriyatida emasmi?
«Ko‘tarma pullar»ning mazmuniga qarasak, bunday tizim aslida o‘sha Yevropa futbolida ham mavjud ekanini ko‘ramiz. Erkin agentga aylangan futbolchilar, agar ularga talab yuqori bo‘lsa, takliflarning aynan moliyaviy qismini o‘rganishlari va yaxshiroq shartnomalarga ega bo‘lishlari mumkin. Masalan, Dani Alvesh «Yuventus»dagi shartnomasi yakunlangach, erkin agentga aylandi. U «Manchester Siti» va «PSJ» o‘rtasida tanladi, oqibatda, shartnoma uchun kattaroq bonus taklif qilgan Parij jamoasi futbolchini qo‘lga kiritdi. Biz yomon ko‘radigan «ko‘tarma pullari»ning aynan o‘zginasi, to‘g‘rimi?
Xo‘sh, nega Yevropada bunday tizim keng yoyilmagan?
Sababi oddiy, birinchidan, shartnomalar bir necha yilga tuziladi. Ikkinchidan, klublar talabgorlari ko‘p bo‘lgan futbolchilarining erkin agentga aylanishlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Shartnoma muddati oxiriga yaqinlashgach, imkon qadar yangi shartnoma tuzib, muddatni uzaytirishadi. Yoki futbolchi tekinga ketib qolmasidan, arzonroqqa sotib yuborishga harakat qiladilar. Shu tufayli, Yevropa futbolida asosan klublar o‘rtasidagi transfer savdolarini ko‘ramiz, «ko‘tarma pullar»ga misol topish qiyin. Har yilgi erkin agentlarning ruyxatiga qarasangiz, ko‘pincha, o‘z davrini o‘tab bo‘lgan, talabgor klublar ko‘p bo‘lmagan futbolchilarni ko‘rasiz.
















