«Bu kollaps bo‘ladi» – Habibulla Oqilov kunlik kasallanish holatlari sonini mingdan oshishi ehtimoli haqida
AOKAda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Spikerlardan biri Habibulla Oqilov kuniga minglab odamda kasallik aniqlansa, sog‘liqni saqlash tizimi buni ko‘tara olmasligidan ogohlantirdi.
«Hozir kuniga 350 nafar koronavirus bilan kasallanganlar qo‘shilyapti, lekin bu - biz bilgan statistika. Buni orasida hali qancha tahlilga yetib bormagan, lekin aslida kasallangan, simptomsiz yurgan bemorlar soni ikki-uch barobar ko‘proq ham bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, dastlab, PZR apparatlari yaxshi va muammosiz ishlagandi. Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi qoshida, Respublika OITSga qarshi kurash markazi va uning hududiy filiallarida, Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida, viloyatlarda qo‘yilgan PZR-apparatlari yetarli darajada tahlillarni chiqarib bera olayotgan edi.
Ammo kasallanganlar soni oshib ketgani uchun kuniga 20-22 mingta test yetmay qolyapti. Test natijalari avval bir necha soatda chiqayotgan bo‘lsa, hozir tahlil topshirganlar ko‘payayotgani hisobiga PZR apparatlarining tahlil javoblarini chiqarishi 2-3 yoki bir haftaga kechikmoqda.
Bu muddatda esa kasallar ham aholi orasida kasallik tarqatayotgan 4-5 odamga, u 4-5 odam esa yana shuncha odamga yuqtirib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun biz kasallik tarqalishini cheklash uchun karantin qoidalarini yana 20 kunga kuchaytiryapmiz. Xalqdan atigi 20 kunga chidab berishini so‘raymiz.
Hozir davlat rahbarining topshirig‘i bilan yana 60ta PZR-apparati olib kelindi, ular uchun hozir shifokorlarni o‘qitib beryapmiz, ularni qo‘yamiz, sonini ko‘paytiramiz. Lekin yuqtirish zanjirini hozir bo‘lib qo‘ymasak, ertaga kuniga 350ta emas, har kuni mingtadan, Xudo ko‘rsatmasin, 1,5 mingtadan qo‘shila boshlasa, u holda respublika sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq kollapsga tushib qoladi, qo‘shni mamlakatlar ahvoliga tushib qolamiz – kasalxonaga bemorni qo‘lda ko‘tarib kelishyapti, kasalxona eshigini taqillatyapti, lekin ichkaridan ochayotgani ham yo‘q, chunki joy ham yo‘q, iloji ham yo‘q, dori-darmon ham yo‘q, dorixonalar yopiq, koyka-o‘rinlar yo‘q, kasalni ko‘tarib qayerga borishni bilmaydi, uyda o‘tiribdi. Bu – kollaps», deya Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
- Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 3 iyuldan buyon kunlik o‘sish 300 kishidan kam bo‘lmayapti. Umumiy kasallanganlar soni esa 10 838 kishini tashkil etmoqda. Hozirgacha 6811 kishi tuzaldi va 41 kishi virus qurboniga aylandi.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022