Jamiyat | 17:59 / 03.03.2021
24439
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda tez tibbiy yordam shifokori kaltaklandi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tez tibbiy yordam shifokori kaltaklangan. Oqibatda uning orqa miya sohasi va burun atrofiga zarar yetib, hushidan ketgan va shoshilinch tez tibbiy yordam Jizzax bo‘limining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bu haqda jabrlanuvchining o‘g‘li Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli Qang‘li tez tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchasida ishlovchi shifokor Xayrulla Mahkamov 1 mart kuni tunda tumanning Xalqobod mahallasi Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan 67-uyga chaqiruv bo‘yicha borganida xonadon egalari tomonidan kaltaklanadi. Oqibatda shifokor yiqilib tushadi va orqa miyaning lat yeyishi jarohati bilan hushini yo‘qotadi.

Qang‘li tez tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchasi bosh vrachi Ulug‘bek Mamatqulovning ma'lum qilishicha, ularga Xalqobod mahallasidan chaqiruv 22:23 da tushgan. Tez yordam brigadasi manzilga 22:31 da yetib borgan. Shifokor Xayrulla Mahkamov kaltaklanish oqibatida bosh miya yopiq jarohati, burun sinishi, yumshoq to‘qimalar lat yeyishi tashxislari bilan shoshilinch tez tibbiy yordam Jizzax bo‘limining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Xayrulla Mahkamov bilan o‘sha kuni chaqiruvga birga borgan hamshira Malohat Toshmurodovaning ma'lum qilishicha, ular xizmat bo‘yicha yurganida Xalqobod mahallasidan tushgan chaqiruv haqida xabar berishgan.

Malohat Toshmurodova

«1 mart kuni tunda Xalqobod mahallasidan tushgan chaqiruv haqida xabar berishganda boshqa bir chaqiruv bo‘yicha borgan xonadondan chiqayotgan edik. Zudlik bilan Xalqobodga ketdik. Yo‘lda Xayrulla aka chaqiruv bo‘lgan xonadon a'zosining telefon nomeriga qo‘ng‘iroq qilib manzil so‘radi. Shuning o‘zidayoq u shifokorni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qildi. Manzilga yetib borgach, Xayrulla aka mashinadan tushgandan uni bir yigit urib yiqitdi. O‘sha payt u boshi bilan yerga qattiq urilgan ekan o‘zidan ketib qoldi. Shundan so‘ng menga ham zarar yetkazishmasin deb qocha boshladim. Yigitlardan biri ikkinchisiga «opaga tegma, u onamga qarasin, olib kir», dedi. O‘sha xonadonga kirishda men tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib shifokorni kaltaklashganini, u hushidan ketganini aytdim va yordam so‘radim.

Ichkariga kirsam, bemor deyilgan ayolning holati uncha ham vahima qiladigan darajada emas ekan. Unga birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatdim. O‘sha paytda haydovchimiz hushidan ketgan shifokorni tez tibbiy yordam markaziga yetkazish uchun yo‘lga chiqibdi. Bizni chaqirgan yigitlar esa yuk mashinasida uni quvib borib, yo‘lini to‘sib orqaga qaytarib kelishdi. Tasavvur qilyapsizmi, tez tibbiy yordam mashinasi ichida shifokor hushsiz holda, tibbiy yordamga muhtoj holda yotibdi, balki hayoti xavf ostidadir. Zo‘ravonlar esa ana shu holatda uni yarim yo‘ldan qaytarib olib kelyapti. Holat juda achinarli edi», deydi Malohat Toshmurodova.

Holat bo‘yicha Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi. Unda yozilishicha, 1 mart kuni soat 22:30 larda Sharof Rashidov tumanida shifokor bo‘lib ishlovchi Xayrulla Mahkamov shifoxonaga kelib tushgan xabarga asosan, Sharof Rashidov tumani Xalqobod mahallasi Sharof Rashidov ko‘chasi 67-uyda yashovchi N.T.ga tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun borgan vaqtda, uning o‘g‘li, shu uyda yashovchi D.O. shifokorga «nega kech keldingiz?» deb uning yuz-burun qismiga boshi bilan zarba berib tan jarohati yetkazadi.

Oqibatda shifokor X.Mahkamov tan jarohati olib Respublika shoshilinch tez yordam ixtisoslashgan markazining Jizzax viloyati filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Hozirda X.Mahkamovning olgan tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ishga aloqador guvohlardan holat bo‘yicha batafsil tushuntirish xatlari olingan.

Ta'kidlanishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid