Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi telegram-kanali xabariga ko‘ra, 2019 yil 1 martdan boshlab:

tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati joriy etiladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qa'ridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qa'ri uchastkalarida amalga oshiriladi;

mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa'ri uchastkalari, shu jumladan o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo‘lishlari mumkin;

litsenziya Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari bo‘yicha 3 yil muddatga beriladi;

elektron auksionni o‘tkazish va mazkur qarorga muvofiq litsenziyani berishning umumiy muddati “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni o‘z ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 10 kundan oshmaydi;

yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi 7,5 mln so‘mni tashkil qiladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa'ri uchastkalari ro‘yxati har yili Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

litsenziya yoki yer qa'ri uchastkasidan (to‘liq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi;

mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qa'ri uchastkalarining davlat nazorati Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;