Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar kundalik turmushda tobora chuqurroq o‘rin egallab bormoqda. Dastlab undan qulay aloqa o‘rnatish maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, hozir ijtimoiy tarmoq allaqachon o‘zaro muloqotning asosiy vositasiga aylanib ulgurgan. Facebook esa O‘zbekistonda foydalaniladigan yetakchi ijtimoiy tarmoqlardan biri hisoblanadi.
Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatlarning biri aynan virtual olamdagi tanishuvlar bilan bog‘liq. Ayni paytda, akkaunt bosh suratida chet ellik malla soch xonimlar tasvirlangan Facebook'ning o‘zbekistonlik foydalanuvchilariga do‘stlik taklifi bilan chiqayotganlar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Bunday takliflar asosan erkak kishilarga nisbatan yuborilayotgan bo‘lib, profil egalarining aksariyati, tarmoq so‘rovnomasida, asli Fransiyadan ekani iddao qilinadi. Ayrimlari hatto yashash joyini Toshkent, Buxoro yoki Jizzax sifatida belgilab olgani hayratlanarli holat. Tabiiy savol paydo bo‘ladi: bu malla soch xonimlarga o‘zbekistonliklardan nima kerak bo‘lishi mumkin?
Masala jiddiy yondashmoqchi bo‘lganimizdayoq, ushbu ijtimoiy o‘yinning «qurbon»lari paydo bo‘lgan. O‘z shaxsini sir saqlashni so‘ragan Facebook foydalanuvchisining aytishiga qaraganda, do‘stlik taklifidan ko‘zlangan maqsad firibgarlik yo‘li bilan pul undirib olish bo‘lgan.

«Do‘stlikni qabul qilishim bilanoq, menga ingliz tilida tanishuv xabarlari kela boshladi. Bu tilni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim chatni davom ettirishga undadi. «Burton Stanely» deb nomlangan profil egasi men haqimdagi ayrim (uylanganlik, bolalarim bor yoki yo‘qligi va ishim to‘g‘risidagi) savollarga javob olgandan so‘ng videomuloqotga kirishish fikrini o‘rtaga tashladi. Qiz bolaning o‘zi shunday taklif bilan chiqsayu (kamiga chet ellik), biz yo‘q deymizmi qabilida men ham rozi bo‘ldim. Muloqot boshlanishi bilan qiz kiyimlaridan xoli bo‘la boshladi. U yog‘ini aytishga tilim bormaydi. Shayton yo‘ldan urdi…» – deydi kutilmagan vaziyatga tushib qolgan yigit.
Ma'lum bo‘lishicha, virtual olamdagi bu mallasoch, videomuloqotni to‘liq yozib olib, uni tarqatmaslik evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgan. Facebook'ning ishlash tizimini yaxshi tushunadigan do‘stlari yordamida yigit bu akkauntga «spam» berishga erishadi, lekin ustasi faranglar yangi «Paola Sandra» nomi bilan ochilgan profil orqali shantajni davom ettirishgan. Mashmasha 1500 dollar pul bilan tugamasligini tushungan holda, taqdirga tan berib, Facebook'ni butkul tark etish – eng ma'qul variantdek ko‘ringan va shunday qilingan. Videoga kelsak, «Bag‘dodda hammayoq tinch», hozircha.















