Yo‘llarda o‘layotgan bolalar va gaz o‘g‘rilariga hukm - hafta dayjesti
O‘zbekiston yana tashqaridan qarz oldi – bu safar birdaniga uchta valutada. Sobiq MXX binosining hovlisidagi o‘nlab katta emanlar shahar tashqarisiga chiqarib tashlandi. Qozog‘istonda ishlari yurishmayotgan UzAuto Motors rejalarini o‘zgartirishi mumkin. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.
O‘zbekistonning yangi suveren obligatsiyalari
Yilning birinchi choragini 1,5 mlrd dollarlik budjet defitsiti bilan yakunlagan O‘zbekiston hukumati joriy hafta xuddi shuncha miqdorda tashqi qarz oldi. Seshanba kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi ilk marta uchta valutada – so‘m, dollar va yevroda umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollarlik navbatdagi suveren yevrobondlarni chiqardi.
6,9 foiz stavkada chiqarilgan 600 mln dollarlik qarz paketi 7 yil muddatga, yevro va so‘mdagi qarzlar esa 3 yil muddatga olindi. Bu pullar budjet defitsitini qoplashga va barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltiriladi. Vazirlik qarzlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga sarflanadigan 600 mln yevrolik qismi qayerga ishlatilgani bo‘yicha kelgusida hisobot berishni va’da qildi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan olingan qarzlar bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida olingan qarzlar miqdori ham oshib boryapti. Statistika agentligining shu hafta ma’lum qilishicha, yilning birinchi choragida davlat kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan salkam 3 barobarga oshib, qariyb 400 mln dollarga yetgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi salkam 30 mlrd dollarga yetgan edi. Bu – bir yil oldingiga qaraganda 14 foizga ko‘p. Qarzlarning aksariyati 10 yildan ko‘proq muddatga olingan. Eslatib o‘tamiz, hukumat bu yil jami 5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishni reja qilgan.
Neft aktivlari qanchaga sotilgan?
O‘zbekistonliklar o‘zlariga tegishli bo‘lgan neft sohasidagi bir qator aktivlar taxminan qancha narxga sotilganini bilib oldi. Hukumatning ikkinchi chorak uchun investitsiya dasturidan ma’lum bo‘lishicha, “O‘zbekneftgaz”ga tegishli Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, benzin shoxobchalari va neft konlaridagi uskunalar jami bo‘lib 70 mln dollarga baholangan. Ular aynan shu narxga sotilganmi, agar shunday bo‘lsa, har bitta aktivning narxi qancha bo‘lgan – bu boradagi savollar ochiq qolyapti. Chunki bu xususiylashtirish jarayonlari haqida rasmiylar ma’lumot bermay kelmoqda.
Hukumat qarorida bu aktivlar Petroleum Technology Group va Saneg kompaniyalariga sotilishi ko‘rsatilgan. Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaliz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga qarashli Petroleum Technology Group kompaniyasi UNG Petro shoxobchalari va Chinozdagi neft zavodining egasiga aylangani jamoatchilikka mart oyi boshida ma’lum bo‘lgandi.
“Sanoat energetika guruhi” bilan bog‘liq holatda esa aynan qaysi neft konlaridagi qanaqa uskunalar haqida gap ketayotgani aniq emas. Avvaliga davlat ishtirokida tuzilgan, keyinchalik to‘liq xususiyga aylangan bu kompaniya O‘zbekistonda neft qazib olishning 80 foizdan ortig‘ini ta’minlaydigan yuzdan ortiq neft konlarini boshqaradi. Guruh 2022 yil may oyida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz ulushini xususiylashtirib olgan, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra zavodning 58,5 foiz ulushi hozirda davlat ixtiyorida.
MXX hovlisidagi daraxtlar – aut
Hafta davomida xususiylashtirilgan obektlardan yana biri jamoatchilik e’tiborini tortdi. Toshkent markazida, sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi hovlisidagi azim daraxtlar shahar tashqarisiga chiqarib yuborildi.
Avvaliga internetda yirik daraxtlar kesilib, yashirincha olib chiqib ketilayotgani haqida video tarqaldi, shunga ko‘ra Ekologik partiya Bosh prokuraturaga holat bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishni so‘radi. Shundan keyin shahar ekologiya boshqarmasi daraxtlar kesilmayotgani, balki ko‘chirilayotganini bildirdi, lekin bu ko‘chirish uchun ruxsat olingani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritimadi. Keyinroq ekoboshqarma bo‘lim boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamov daraxtlarni ko‘chirish uchun ruxsat olinmaganini Kun.uz'ga tasdiqladi. Lekin bu beruxsat ko‘chirganlik uchun javobgarlik masalasi negadir ochiq qolyapti.
Shu tariqa, bu yerdagi 26 tup eman daraxti Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasiga olib ketildi. Jarayonga mas’ul kompaniya ko‘chirilgan daraxtlar 3 yil davomida yaxshilab parvarish qilinishi va ular yangi joyda “to‘liq yashab ketishi”ga va’da berdi. Lekin ta’kidlash kerakki, daraxtlarning belgilangan tartib bo‘yicha ko‘chirilishi va parvarish qilinishi ularning yashab ketishini kafolatlay olmaydi. Ko‘chirilgan daraxt qurib qolgan taqdirda, qonunchilikda buning uchun hech qanaqa javobgarlik yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan 2,2 gektarlik bu hudud yuqorida tilga olganimiz sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovning boshqa bir kompaniyasiga tegishli. Bu yerda 22 qavatli hashamatli mehmonxona qurishi e’lon qilingan. Shu maqsadda MXX binosi bir yil oldin buzib tashlangan edi.
Bolalar bilan to‘la bog‘chalar – “bo‘sh turgan obekt”mi?
So‘nggi kunlarning muhim ijtimoiy mavzularidan navbatdagisi ham xususiylashtirish bilan bog‘liq. O‘zbekiston bo‘ylab bog‘cha, maktab va shifoxonalar yetishmay turgan bir paytda, davlat aktivlarini sotish bo‘yicha tasdiqlangan yangi dasturga ijtimoiy soha obektlari ham qo‘shib yuborilgani muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan qashqadaryolik ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ularning farzandlari boradigan bog‘chalar “bo‘sh turgan obekt” sifatida sotiladigan aktivlar qatoriga qo‘shib yuborilgan.
Gap “Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi tasarrufidagi to‘rtta “Erkatoy” bog‘chalari haqida ketyapti. Jami 700 o‘rinli bu muassasalar hozir yuzlab bolalarni o‘zida jamlagan. “Bog‘chalar sotilsa, bolalarimiz ko‘chada qoladimi?” dedi murojaatchi ota-onalar. Ularning e’tirozlari Kun.uz'da yoritilgach, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryodagi to‘rtta “Erkatoy” bog‘chalari hozircha sotilmasligi, ularning uzluksiz ishlashi bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Lekin qanday qilib bolalar bilan to‘la bog‘chalar “bo‘sh turgan obekt” deb dasturga kirib qolganiga izoh berilmadi.
Holatga munosabat bildirgan jamoatchilik faoli Qobil Xidirov ijtimoiy obektlarni xususiylashtirishga moratoriy e’lon qilishga chaqirdi. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra esa, bog‘chalar, maktablar, universitetlar va shifoxonalarga tegishli obektlar va ularning hududlarini sotishni qonun bilan taqiqlash kerak. Uning aytishicha, yangi xususiylashtirish dasturi asosida Andijon viloyatida sotuvga qo‘yilgan 90 ta obektning 47 tasini ta’lim, tibbiyot kabi ijtimoiy sohalarga oid obektlar tashkil etadi.
Lacetti uchun yana shartnoma ochiladimi?
Chevrolet Lacetti'dan voz kechish “O‘zavtosanoat” uchun oson bo‘lmayotganga o‘xshaydi. Kompaniya Lacetti ishlab chiqarishni 2024 yildan butunlay to‘xtatishini e’lon qilgan bo‘lsa-da, rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘rt oyida 11 mingga yaqin Gentra ishlab chiqargan. 21 may kuni kompaniya bu modelni yetkazib berish bo‘yicha 3200 ta shartnoma tuzganini ma’lum qildi.
“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining izohlashicha, Gentra uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlari hali ham bor, bu esa ishlab chiqarishni davom ettirishga imkoniyat beryapti. Bu qachongacha davom etishi ma’lum emas, lekin shunisi aniqki, Gentra konveyerdan birdaniga olinmaydi. “Yaqin 7 kun ichida xaridorlarga yana shartnoma berilish-berilmasligi oydinlashadi”, dedi Kun.uz bilan suhbatda kompaniya vakili.
Ayni paytda UzAuto Motors Cobalt-2 avtomobilini sotuvga chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti. Yangilangan versiya uchun shartnoma tuzish kelasi yildan boshlanishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, kompaniya Cobalt-2 ishlab chiqarishni 2019 yildan boshlamoqchi bo‘lgan, lekin bu rejasini bekor qilgandi. O‘shanda bu “eski modellar ortidan quvmaslik” niyati bilan izohlangan edi.
Cobalt oxirgi paytlarda Qozog‘iston bozorida eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar qatoridan tushib qoldi. Yanvar-aprel oylarida Qozog‘istonda Chevrolet brendi ostida 4800 ta avtomobil sotilgan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga kam. Bu esa UzAuto Motors asosiy eksport bozori bo‘lgan Qozog‘istonda raqobatni boy berayotganidan darak beradi. Hozir qo‘shni mamlakatda eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar reytingida yuqori o‘rinlar Hyundai va Kia'dan ortmayapti.
Piyodalar yo‘lagida o‘layotgan piyodalar
Mudhish yo‘l-transport hodisalari – o‘zbek mediamakonida eng ko‘p tarqaladigan xabarlar qatorida turadi. Lekin oxirgi bir hafta piyodalar uchun ayniqsa fojiali tarzda o‘tdi. Hali u, hali bu hududda svetofordan yoki piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan bolalarni mashina bosib ketgani haqidagi xabarlar seriyali ko‘rinishga kelib qoldi.
Dastlab Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida yuk mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan bolalardan birini urib yubordi. 2-sinf o‘quvchisi voqea joyidayoq jon bergan. Hodisa videosiga qaraganda, bir guruh maktab o‘quvchilari piyodalar yo‘lagidan o‘tmoqchi bo‘lganida, Nexia to‘xtab ularga yo‘l bergan, bolalar yura boshlagach ikkinchi qatordan katta tezlikda kelgan yuk mashinasi ulardan birini urib ketgan, qolganlari esa baxtli tasodif tufayli omon qolgan.
Guruh bo‘lib yo‘ldan o‘tayotgan bolalarni mashina bosib ketishi ko‘p o‘tmay Surxondaryoning Muzrabot tumanida ham ro‘y berdi. Bu yerda Cobalt haydovchisi svetoforning qizil chirog‘ida o‘tib ketib, yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar bolani urib yubordi. Natijada 12 yoshli bola shifoxonada jon berdi, qolgan ikki bola esa bir o‘limdan qoldi – ular jiddiy jarohat olmagan. Internetda tarqalgan videoda Cobalt katta tezlikda harakatlangani, avariyadan keyin haydovchi bolalarga yordam berish o‘rniga qochib ketganini ko‘rish mumkin.
Samarqandda esa yo‘lni piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan talaba avtohalokat qurboni bo‘ldi. SamDUning 4-kursida o‘qiyotgan yigitni Talabalar xiyoboni ko‘chasida, piyodalar yo‘lakchasida Nexia-2 urib ketgan, natijada u shifoxonada vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda talaba yigit ko‘cha poygasining qurboni bo‘lgani aytilyapti.
Shundan keyin navbatdagi mudhish hodisa Jizzaxda sodir bo‘ldi. Shaharning Sharof Rashidov shoxko‘chasida piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 48 yoshli ayolni katta tezlikda kelgan tez tibbiy yordam mashinasi urib ketgan. Ayol og‘ir tan jarohatlari bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Hodisa videosidan ko‘rinishicha, piyodalar yo‘lakchasini ayol bilan birga bir qiz ham kesib o‘tayotgan bo‘lgan va uning ko‘z o‘ngida, undan sanoqli santimetrlar masofada hayoti davomidagi ehtimol eng dahshatli avariya ro‘y bergan.
Bunday hodisalar kunda-kunora sodir bo‘lib, O‘zbekiston yo‘llari borgan sari xavfliroq bo‘lib borarkan, har bir fuqaro o‘zi va yaqinlari, ayniqsa bolalarining xavfsizligini eng avvalo o‘zi o‘ylashi kerak. Chunki tizimli yechimlar berishi kerak bo‘lgan idoralar, eng elementar yechimlarni ham yillarga cho‘zib, bu yechimlarga o‘z manfaatini tiqishtirib, paysalga solishdan nariga o‘tmayapti. Ya’ni, agar Ichki ishlar vazirligi organ xodimlarini videoga olish haqidagi moddani qo‘shmaganida, yo‘l harakati xavfsizligiga oid muhim qonun allaqachon qabul qilinib bo‘lgan bo‘lardi ehtimol.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
2024 yilgi Haj mavsumi boshlandi. O‘zbekistonning 10 ta shahridan Madinaga reja qilingan 124 ta charter qatnovlaridan birinchisi 23 may kuni Toshkentdan jo‘nab ketdi. Bu yil 15 ming nafar vatandoshimiz Haj ziyoratiga boradi. Eslatib o‘tamiz, ikki yil oldin Saudiya rasmiylari bilan kvotalar sonini 24 mingga yetkazish borasida muzokaralar o‘tkazilgandi.
Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalarni sog‘lomlashtirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. 2024 yil 1 iyuldan boshlab, onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar tegishli shifoxonalarda hozirgidek 18 yoshgacha emas, 22 yoshgacha bepul davolanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda shu yildan boshlab Toshkentda davlat tibbiy sug‘urtasini yo‘lga qo‘yish, tibbiyotni raqamlashtirish va boshqa choralar belgilab olindi.
Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning aviahalokatdagi vafoti munosabati bilan bu mamlakatning Toshkentdagi elchixonasiga borib ta’ziya bildirdi. Davlat rahbari fors elchisi bilan suhbatda Raisiy O‘zbekiston–Eron hamkorligini kengaytirishga katta hissa qo‘shganini ta’kidladi. Tehrondagi vidolashuv marosimida Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va boshqa rasmiylardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Moskva viloyatidagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi. Istra rayonidagi 3 qavatli hostelda ro‘y bergan yong‘in oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan. Ulardan necha nafari o‘zbekistonlik ekani ma’lum emas. Hostelda 20 ga yaqin xorijlik, xususan 11 nafar o‘zbekistonlik yashagan. Qurbonlarning shaxsiga ekspertizada aniqlik kiritilishi kutilyapti. Yong‘inga uydagi kamin sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Shaffof brendi ostidagi gaz shoxobchalari mas’ullariga sud hukmi o‘qildi. Bu – oxirgi vaqtlarda ochilgan eng katta jinoyatlardan biri bo‘ldi. Hukmda keltirilishicha, jinoiy guruh 2018-2023 yillarda qariyb 1,4 trln so‘mlik savdo tushumlarini yashirib, salkam 450 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lamagan. Zararlarni undirish uchun 100 dan ortiq metan-shoxobcha, 120 ga yaqin avtomobillar xatlangan – ular orasida Cadillac mashinasi ham bor. Korxona ta’sischilari – aka-uka Ulug‘bek va Oybek Toshmatovlar 9 yil-u 2 oyga zodlikdan mahrum etildi. Ish doirasida yana 10 kishi 3 yildan 5 yilgacha qamaldi, yana 3 kishiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari qo‘lga olindi. U fermerdan yerini olib qo‘ymaslik, faoliyatiga “yashil chiroq” yoqib berishi evaziga 20 ming dollar so‘rab, ming dollar olgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, Qarshi tumani IIB katta tezkor xodimi 400 dollar, Sergeli tumani profilaktika inspektori 5 ming dollar, “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent viloyati filiali muhandisi esa 30 ming dollar bilan qo‘lga tushgan.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024