Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Somsaxonalarda reyd, inversiyaning tugashi va mundialdagi raqiblar - hafta dayjesti
Yakunlangan haftada havo ifloslanishining oldini olish tadbirlari butun respublikaga yoyildi. Nurafshonda muqaddam bir necha marta sudlangan hokim yordamchisi yana qo‘lga tushdi. Toshkentda tirbandliklarni 40 foizgacha kamaytirish choralari belgilandi. Milliy jamoaning JCh-2026dagi raqiblari oydinlashdi.
Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Andijonda tandirlar "havoni ifloslantiryapti" deb topildi
Andijonda somsaxonalarga reydlar – yilning eng rezonansli voqealaridan biri bo‘ldi. Chorshanba kuni Shahrixon tumani hokimligi e’lon qilgan videodan ma’lum bo‘ladiki, kamida uchta oshxonada somsa yopiladigan tandirlar ekskavatorlar bilan buzib tashlangan.
Rasmiy xabarda bu ishlar “havo ifloslanishining oldini olish maqsadidagi reyd tadbirlari” deb atalgan. Ya’ni andijonlik mulozimlarning fikricha, somsapazlar havoni ifloslantirayotgan ekan. Shuning uchun ularning tandirini buzish kerak ekan.
Shahrixon tumani hokimligi videoga qo‘shib e’lon qilgan fotojamlanmada tuman hokimi Hikmatullo Dadaxonov ham aks etgan. U buzish ishlariga boshqa mas’ullar bilan birga, shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lib turgan. Voqea katta shov-shuvni keltirib chiqargach, video va rasmlar hokimlik kanalidan darhol o‘chirildi. Viloyat hokimligi tezda bayonot bilan chiqib, Dadaxonovga hayfsan berilganini ma’lum qildi.

Shu kunning o‘zida Shahrixon hokimi – tandir buzish bilan shug‘ullanib yurgan yagona hokim emasligi oydinlashdi. Internetda tarqalgan suratda Xonobod shahri hokimi Elyorbek Abdurahmonov tandir buzdirayotgani, u bilan birga jarayonni kuzatayotgan mas’ullardan biri esa kulgidan o‘zini tiyolmayotganini ko‘rish mumkin. Shahrixonlik hamkasblaridan farqli ravishda, xonobodlik rasmiylar tandir buzish uchun ekskavator chaqirmay, qo‘l mehnatidan foydalangan. Andijon viloyati hokimligi Xonoboddagi holatga izoh bermadi.
Tandirbuzarliklar bo‘yicha sanoqli rasmiy munosabatlardan biri Biznes-ombudsmandan yangradi. Prezidentning tadbirkorlar himoyasi bo‘yicha vakili Andijondagi amaldorlarga qonunlarni eslatib, xususiy mulk daxlsiz ekani, sud qarorisiz tadbirkorning mulkiga rahna solish mumkin emasligini bildirdi. Shuningdek, deputat Bobur Bekmurodov buzilgan tandirlar uchun zararni noqonuniy topshiriq bergan amaldorning zimmasiga yuklashga chaqirdi.
Korrupsiya: chopilmayotgan yuridik ildizlar

Davlat xizmatchilari haqida gap ketganda, hafta davomida korrupsiya aybi bilan hibsga olingani ma’lum qilingan naq to‘rtta hokim yordamchisidan biri ham alohida diqqatga sazovor. DXX xabariga ko‘ra, Nurafshon shahridagi mahallalardan birida hokim yordamchisi bo‘lib ishlayotgan mulozim tanish-bilishlari orqali bir odamni viloyat ekologiya boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan va buning uchun 2 ming dollar olgan paytida qo‘lga tushgan.
E’tiborlisi shundaki, bu hokim yordamchisi avval ham bir necha marta sudlangan bo‘lgan. Ya’ni bir emas, bir necha marta jinoyat sodir qilgan shaxs davlat xizmatiga qabul qilinib, hozircha son-sanog‘i noma’lum navbatdagi (eng kamida uchinchi) jinoyatiga qo‘l urgan. Muammoga tizimli yondashib aytganda, bunday retsidivistlarga davlat ishiga kirib yallo qilish imkonini berayotgan omillardan biri bu – qonunchilik.
Yodingizda bo‘lsa, bir necha yil oldin O‘zbekistonda korrupsionerlar reyestrini tuzish, bu reyestrga korrupsion jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslarni kiritib borish va ularning davlat xizmatiga qabul qilinishini taqiqlash vazifasi qo‘yilgan edi. 4 yil oldingi farmonda belgilangan bu topshiriq ayrim sabablar bilan haligacha bajarilgani yo‘q. Natijada, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra yiliga 500 dan ortiq shaxs avval korrupsiyaga qo‘l urganiga qaramay, davlat ishiga bemalol qaytib, yana korrupsiya bilan shug‘ullanishda davom etaveradi.
Yillardan beri kechikayotgan qonunlardan yana biri – davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalashga oid. Xalqaro tashkilotlar, xususan O‘zbekistonning eng yirik kreditori bo‘lmish Jahon banki ancha yillardan beri shu qonunni so‘rab keladi. Xalqaro valuta jamg‘armasining har yili Toshkentga keladigan missiyasi ham shu masalani ko‘tarishdan charchamaydi. Joriy yilgi missiyaning o‘tgan hafta e’lon qilingan hisobotida yozilishicha, aktivlarni deklaratsiyalash haqidagi qonun loyihasi parlamentga yuborishga tayyorlanyapti. Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyida berilgan topshiriqqa asosan, qonun loyihasi 1 aprelgacha jamoatchilik muhokamasiga chiqarilishi kerak edi.
Administratsiya rahbari ekoreydga chiqdi

Ortda qolayotgan haftada inversiya jarayonining susayishi va qator hududlarda biroz bo‘lsa-da yomg‘ir yog‘ib o‘tishi bilan, shanba kuniga kelib havo sifati nihoyat yaxshilandi. Respublika Maxsus komissiyasi dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyovga bir haftalik faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Ertasiga administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Shu kuni Qibray tumanidagi ekologik reydda Mirziyoyevaning o‘zi ham qatnashib, kuniga 150 kg ko‘mir yoqadigan issiqxona rahbari bilan gaplashdi.
“Biznesmen doda, endi siz biznes qilasiz, biz bu bilan nafas olamiz. Sizning ham bola-chaqangiz bor-ku? Men siz bilan gaplashgani keldim, tahlil qilgani keldim – qanaqa qilib men sizga yordam berayki, siz ham baxtli bo‘lasiz, men ham baxtli bo‘laman?” – deya so‘radi administratsiya rahbari. So‘rovga javoban viloyat hokimi Zoyir Mirzayev bir kun ichida filtr o‘rnatilishini aytdi.
Rasmiylarga ko‘ra, o‘tgan hafta havoni ifloslantirayotgani sababli Toshkent va uning atrofida 67 ta issiqxona faoliyati to‘xtatilgan. Qurilishi to‘xtatilgan poytaxtdagi obektlar soni esa 4 dekabr holatiga salkam 50 taga yetgan. Chorshanba kuni Toshkent viloyatida havo ifloslanishi manbalarini aniqlash uchun vertolyot patruli ham yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilindi. Ko‘p o‘tmay xazonlarni yoqqan fuqarolar ham jarimaga tortilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Havo ifloslanishiga qarshi Toshkentda ko‘rilayotgan choralar bu hafta butun respublika bo‘ylab yoyildi. Ko‘chalarni namlantirishdan tortib, qurilishlar va korxonalarga reydlargacha O‘zbekistonning aksariyat yirik shaharlarini qamrab oldi. Ayniqsa Farg‘onadagi vaziyat o‘ta xavfli darajaga kelib qolgani ko‘pchilikda xavotir uyg‘otdi. Iflos havo dimoqni achishtirib, bolalarda yo‘tal, kattalarda esa qon bosimi va bosh og‘rig‘iga sabab bo‘lyapti, deydi Kun.uz suhbatlashgan farg‘onaliklar.
Ushbu fonda Energoinspeksiya benzin sifati bo‘yicha nazoratni kuchaytirganini xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, bir hafta ichida 90 ta AYoQSh tekshirilgan va 23 ta holatda 300 ming litr benzin sifatsizligi aniqlangan. Yil boshidan hisoblaganda esa, 210 ta obektda 8,5 million (!) litr sifatsiz benzin yoki dizel topilgani aytilyapti. To‘liq aytadigan bo‘lsak: 8 576 466 litr sifatsiz mahsulot. Va bu – faqat aniqlangani.
“O‘zbekistonga hech kim qarz bermasdi”

Karimov prezidentligi paytida O‘zbekistonning tashqi qarzi juda kam bo‘lgan, budjet defitsiti esa umuman bo‘lmagan. Ko‘pchilik bunga sabab sifatida “birinchi ma’muriyat qarz olishni yoqtirmagan” deb o‘ylashi mumkin, lekin aslida O‘zbekistonga budjet xarajatlari uchun ishonib qarz beradigan hamkorning o‘zi yo‘q edi. Buni parlamentda chiqish qilgan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ham rasman tasdiqladi.
“Agar tarixni ko‘tarib ko‘rsangiz, bizda ko‘p yillar davomida profitsit bo‘lgan. U zo‘rmidi, degan savolga shu sohada ishlab kelayotgan odam sifatida yo‘q deb javob berishga majburman. O‘sha paytda profitsit bo‘lganining sababi shuki, budjet taqchilligini moliyalashtirishga hech kim bizga kredit bermagan. Men buni rasmiy aytishim mumkin: hech kim. Chunki islohotlar yo‘q edi, so‘m erkin konvertatsiya qilinmasdi, soliq siyosati... Umuman, oxirgi 8 yilda nimalar qilingan bo‘lsa, shular yo‘q edi. Shuning uchun ham hech kim bizga budjet taqchilligini moliyalashtirishga kredit bermasdi”, dedi vazir.
Qo‘chqorov deputatlarga taqdim etgan kelasi yilgi budjet loyihasiga ko‘ra, hukumat 2026 yilda 5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishni rejalashtirmoqda. Bu – 2025 yilgi limitdan 500 mln dollarga kam. Moliya vazirining qayd etishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti bu yil 7 foizga, kelasi yil esa 6,6 foizga o‘sishi kutilyapti. Shu sababli, ya’ni iqtisodiy o‘sish borligi uchun, tavsiya etilgan chegaralar doirasida qarz olishimiz o‘zini oqlaydi, deya izohladi Jamshid Qo‘chqorov.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetgan. Shundan 36,7 mlrd dollari – tashqi qarzlar. Xalqaro kreditorlar bergan qarzlarning 47 foizi budjet taqchilligini yopishga ishlatilgan. Konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti bu yil ham, kelasi yil ham YaIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi kutilyapti – rasmiylar buni xavfsiz va mo‘’tadil daraja deb hisoblaydi.
Ayni paytda, hukumat odamlardan soliq qarzini undirishda qat’iyroq choralarga tayyorlanyapti. O‘tgan hafta imzolangan qarorga asosan, mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qolishi ko‘zda tutilyapti. Bunday tartib 1 yanvardan sinov tariqasida Namangan viloyatida boshlanadi, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, xuddi shu mexanizm o‘tgan oydan e’tiboran chiqindi to‘lovlarini undirishda qo‘llana boshlagan edi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Guliston shahridagi bozorlardan birida gazballon portlab ketdi. Oradan 25 soat o‘tib berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, portlashda 29 kishi jarohatlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan. 3 dekabr holatiga, bir kishi o‘ta og‘ir ahvolda, 5 kishi jonlantirish bo‘limida qolyapti. Voqea yuzasidan Ochilboy Ramatov boshliq hukumat komissiyasi tuzildi. Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi vaqtida jabrlanganlar holidan xabar oldi, viloyat sessiyasidagi nutqida “fojia favqulodda vaziyatlar tizimi uchun saboq bo‘lishi kerak”ligini aytdi. Halok bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan berilmoqda. Jinoyat ishi doirasida 3 kishi qamoqqa olingan. Tergovdagi dastlabki versiyaga ko‘ra, 50 litr hajmdagi propan gazballon oshxonadagi o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan bo‘lgan.
Kogonda portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi sexda portlash ro‘y berdi. Hodisa vaqtida omborxonada 30 nafar ishchi bo‘lgan, ulardan 4 nafari voqea joyida halok bo‘lgan, yana 4 nafari yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Prezident topshirig‘iga binoan, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Ma’lum qilinishicha, voqea ro‘y bergan “Shams LTD” MChJ – 2019 yildan beri Markaziy Osiyodagi tog‘-sanoati korxonalari uchun yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llanadigan portlovchi moddalarni ishlab chiqaradi.
So‘nggi ikki hafta ichida uchta viloyat hokimi v.b. qo‘shimchasidan xalos bo‘ldi. Adiz Boboyev Samarqand viloyati hokimi, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi, Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimlariga tasdiqlandi. Shavkat Mirziyoyev ularning har biriga kelasi yilda investitsiya jalb qilish, eksportni oshirish va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalar yukladi, yangi loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Prezident Jizzax viloyatiga “Afrosiyob” poyezdida borgani e’tiborli. Davlat rahbari bu tashrifida hozir kotlovani qazilayotgan AES loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan ham tanishdi.
Toshkent hokimi Shavkat Umrzoqov shahardagi tirbandliklar 30-40 foizga kamayishini va’da qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday natijaga intellektual transport tizimini joriy etish orqali erishiladi. Gap transport oqimiga qarab avtomatik moslashadigan “aqlli” svetoforlar va jamoat transportiga ustuvorlik berish haqida ketyapti. Intellektual tizim 2027 yilda ishga tushishi belgilangan. Tizimni yangi tashkil etilayotgan Yo‘l harakati markazi boshqaradi. Bu tashkilot – shahar yo‘l infratuzilmasiga har xil yo‘nalishlarda ta’sir qiladigan ko‘plab idoralarning vakolatlarini o‘zida jamlaydi va yagona markazlashgan boshqaruvni yo‘lga qo‘yadi. Shu bilan birga, shaharda harakatlanish uchun navigatsiya ilovasi ishlab chiqilishi ham aytilyapti. Bu taklif – allaqachon bepul ishlab turgan Google va Yandex kabi xaritalar borligi sabab, tanqidlarga sabab bo‘lyapti.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi mundialdagi ilk raqiblarini bilib oldi. Qur’a natijasiga ko‘ra, jamoamiz Portugaliya va Kolumbiya bilan bir guruhdan joy oldi. Guruhning to‘rtinchi a’zosi Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya bo‘ladi. O‘zbekistonning birinchi o‘yini – 17 iyunda Kolumbiyaga qarshi, 23 iyunda Portulagiyaga qarshi, 27 iyunda esa hozircha noma’lum uchinchi raqibga qarshi bo‘lib o‘tadi. Qaysi o‘yin qayerda bo‘lishi hozircha aniq emas. Birinchi ikkita o‘yin yo AQShning Texas shtatidagi Hyuston shahrida, yoki Meksika poytaxtida bo‘ladi; uchinchi tur esa aniq AQShda: yo Florida, yo Jorjiya shtatida o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, bu Jahon chempionatida ilk marta 48 ta jamoa qatnashadi va 12 ta guruhdan 8 tasida 3-o‘rinni olgan jamoalar ham pley-offga chiqadi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Dastur boshlovchisi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
21:26 / 07.12.2025
Toshkentda havoni ifloslantirayotgan korxona rahbariga chora ko‘rildi
18:42 / 05.12.2025
Prezident qarori: Toshkentda tirbandliklarni kamaytirish choralari tasdiqlandi
19:38 / 04.12.2025
Andijon tibbiyot instituti talabalariga ijara kompensatsiyasi nega bekor qilindi?
17:31 / 04.12.2025