O‘zbekiston | 08:00
1744
20 daqiqa o‘qiladi

Zaharlangan bolalar va bezori “yosh boyvachchalar” - hafta dayjesti

Poygachi o‘smir YPX xodimini urib ketdi: tizimli xatolar endi tan olinadimi? Bog‘chalarda yana ommaviy zaharlanish: qanday qilib uchta idora Farg‘ona hokimini to‘xtatolmagan? Birinchi pulli yo‘l qurilishi boshlandi: xususiy sherik nega yashirilyapti? Yakunlangan haftaning muhim voqealari sharhi – Kun.uz dayjestida.

55 ta qoidabuzarlik. Ellik oltinchisi o‘lim bilan tugadi

O‘zbekistonliklar kamera qarshisida aytilgan “pushaymonman, ming bor uzr” degan gaplarni ko‘p eshitgan. Lekin bir necha kun oldingi voqea avvalgilaridan farq qiladi: qoidabuzar bu gal yo‘l-patrul xizmati xodimining umriga zomin bo‘ldi.

Chorshanba kuni kech soat o‘nga yaqin, Toshkentning Mirobod bozori oldida xizmat vazifasini bajarayotgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarovni BMW M4 rusumli mashina urib ketdi. Oradan 3 kun o‘tib, u shifoxonada, 33 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Guvohnomasiz rulga o‘tirgan, xususiy maktabning 10-sinfida o‘qiydigan Doniyor – odam o‘limiga sabab bo‘lgan paytida boshqa qimmatbaho mashinalar bilan shahar ko‘chalarida poyga o‘ynayotgan bo‘lgan. U panjara ortidan bergan intervyusida o‘z qilmishini “sho‘xlik” deb atadi. Afsuski, yigitchaning bu “sho‘xligi” ortidan 3 nafar yosh bola otasiz qoldi... Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘smir hibsga olindi.

Yanvar oyida BMW X5 va X7 avtomobillari YPXning ishorasiga bo‘ysunmasdan ketib qolgan voqeadan keyin Doniyorning otasi jarimaga tortilib, ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Jamiyatda katta rezonans uyg‘otayotgan boshqa voqealar kabi, bu avariya ham bir kunda, to‘satdan ro‘y berib qolmagan: hodisa uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan voqealar va ongli qarorlar xronologiyasining fojiaviy kulminatsiyasi bo‘lgan. Bir tomondan, muqaddam bir necha marta qo‘llangan jarimalar bolasiga tarbiya bermagan badavlat otaning ko‘zini ochmagan bo‘lsa, boshqa tomondan mas’ul idoralar uzoq yillardan beri qoidabuzarlarning boshini silab kelayotgan, ustiga ustak oxirgi yillarda ko‘payib ketgan ko‘cha poygalariga panja ortidan qarayotgan edi.

Jamiyatdagi qonun-qoidalarga mutlaqo tupurib qo‘yib, odamlar hayotiga xavf solayotgan kimsalarga nisbatan davlatning mash’um bag‘rikengligi – aynan shu keysda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ma’lum bo‘lishicha, BMW M4 avtomobili Leyla Atadjanova ismli shaxsga tegishli bo‘lib, u 2024 yildan hozirgacha kamida 18 marta mashinani boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga haydash uchun bergan, yana 37 marta boshqa turdagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. “Jamoat xavfsizligi” deb boshlanuvchi uzundan uzun nomga ega tuzilmalar esa, qisqa vaqtda 55 marta qoidabuzish faktini jamoat xavfsizligiga tahdid deb hisoblamay yuravergan. Ehtimolki, “qoidabuzarlik ko‘p bo‘lsa, tushum ham ko‘p bo‘ladi” degan buzuq prinsipda ish tutilgan... Oxir-oqibat, 56-qoidabuzarlik ana shu tuzilmaning o‘z vakilini hayotdan olib ketdi.

Doniyorning otasi intervyusida o‘g‘liga “loqayd” munosabatda bo‘lganini aytadi. Xuddi shunday, amaldorlar ham yillar davomida yo‘llardagi potensial qotillarni shunday erkalatib kelyapti. “Pushaymonman, ko‘zim ochildi, ming bor uzr” degan gaplarni aytish navbati allaqachon tizim rahbarlariga ham yetib kelgan. Tegishli idoralar yo‘l harakati sohasidagi tishsiz qonunlarni o‘tkirlashtirib, jazolar muqarrar va preventiv xarakterga ega bo‘lishini ta’minlamas ekan, hammasi eski hammom, eski toskiligicha qolaveradi.

IIV marhum xodimini “fidokorona xizmat qilgan qahramon o‘g‘lon” deb ta’riflagan bo‘lsa-da, bu takalluf qanchalik samimiy ekaniga vaqt o‘tishi bilan, voqealar rivojiga qarab baho bersak bo‘ladi: agar vazirlik rahbariyati ana shu qahramon o‘g‘lonning vafoti haqqi-hurmati ko‘chalardagi g‘irt yovvoyi muhitni tartibga keltirmasa, unda vazirlikning nekrologi shunchaki rasmiyatchilik bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin.

“Yuzta tanishing bo‘lsin...”

Haftaning yana bir antiqahramoni – 23 yoshli Asadbek Jumayev. U avtomobillarni tyuning qilish bilan shug‘ullanadigan Uzbelas Performance nomli avtoservisni boshqaradi. YouTube'dagi videolariga qaraganda, o‘zi va do‘stlarini Toshkentning “yosh boyvachchalari” deb ataydi. Migalka va sirena o‘rnatilgan qimmatbaho ulovlar bilan qo‘shtirnoq ichida “obro‘” qozongan. Shahar ko‘chalarida qoidabuzar sheriklari bilan drift qilish, shashka yurish kabi yo‘l bezoriligini bir necha marta sodir etgan.

Asadbek va Doniyor – o‘zaro tanish. Ularni yanvar oyida shov-shuv bo‘lgan ikkita BMW (X5 va X7) voqeasi bog‘lab turadi. O‘shanda Doniyor avtoraqam taqilmagan, migalka o‘rnatilgan X5'ni boshqarib, YPX xodimlarining buyrug‘iga javoban to‘xtagandek bo‘lgan, lekin keyin kalaka qilgandek qochib ketgan. O‘sha voqea videosini internetga Asadbek joylagan va buning uchun, o‘zining aytishicha, boshqalar 15 sutkaga qamaladigan joyda u tanish-bilishlarini ishga solib, “o‘nta minimalka” bilan qutulib ketgan. Jumayev instablogerga bergan intervyusida bu qilmishidan “faxrlanishini”ni urg‘ulaydi:

— Kimdir bu narsaning orqasidan 15 sutkaga kirib ketoladi, no biza kichkina “shtraf” bilan “otdelatsya” qildik. V razmere desyati minimal. [...] Ne imey sto rubley, a imey sto druzey.

2-3 yildan keyin shu videoni ko‘rsangiz, sizda qanaqa reaksiya bo‘ladi?

— Baribir faxrlanaman. Baribir faxrlanaman... Da, mojyet byt, biza yaxshi ish qilmadik, no baribir faxrlanaman. Chunki, kak minimum, my jivyom svoyu jiznyu, kotoruyu zapomnim.

O‘shanda sud Asadbek Jumayevni organ xodimlarini obro‘sizlantiruvchi video tarqatishda ayblab, bu qilmish uchun minimal jazo – BHMning 20 baravari miqdorida jarima tayinlagan. Ehtimolki, u jarimani 15 kunda to‘lab, 50 foizlik imtiyozdan foydalangan, shu sababli ham intervyuda “o‘nta minimalka” degan bo‘lishi mumkin.

Taqdirning hazilini qarangki, Asadbekning bu intervyusi internetda muhokamalarga sabab bo‘lishi – Doniyor YPX xodimini urib ketishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Qonunni mensimayotgan ikki badavlat yigitchaning qilmishlari ketma-ket ommaga chiqishi – tarmoqlardagi rezonans olovini battar alangalatib yubordi.

Ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan Asadbek Jo‘rayev / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

IIBB Asadbekni ham kamera qarshisida uzr so‘rattirdi, prokuratura esa yanvar oyi boshidagi sud qaroriga protest kiritdi. Natijada qaror bekor qilinib, jazo og‘irlashtirildi: maqtanchoq qoidabuzar juma kuni 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Ma’lumot uchun, 10 sutka – organ xodimlarini obro‘sizlantirish moddasi bo‘yicha beriladigan maksimal jazo demakdir.

Vazirlik, agentlik va qo‘mita qoidabuzar hokimni nega tiyolmagan?

Bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq navbatdagi hodisa Farg‘onada ro‘y berdi. 20 fevral kuni shahardagi bir nechta davlat bog‘chalariga boradigan jami 60 dan ortiq bola ovqatdan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ularda isitma, qorin og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi belgilar kuzatilgan, ayrim bolalar reanimatsiyaga ham olingan. Zaharlanishdan 4 kun o‘tib, voqea OAVda keng yoritilganidan keyingina jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Istalgan noxush voqeaning tagini kavlasa, tizimli muammolar chiqib kelaveradi. Farg‘onadagi zaharlanish ham bundan mustasno emas. U yerda bog‘chalarga Garden Catering Trade nomli keytering korxonasi xizmat ko‘rsatadi, va bu korxona faoliyati avvalboshdanoq shubhali edi: Kun.uz 2024 yilda Quvasoydagi bu loyiha bo‘yicha surishtiruvlar e’lon qilgan, o‘shanda loyihaning o‘zbekistonlik tashabbuskori Muazzam Ibrohimova va turkiyalik investor Quvasoy shahri hokimi Zafar To‘raqulovning ustidan: “U loyihamizni tortib olmoqchi” deya shikoyat qilgan edi. To‘raqulov ayblovni rad etgan bo‘lsa-da, Kun.uz ta’sis etilgan firmadagi 40 foiz ulush uning qarindoshi nomiga rasmiylashtirilganini aniqlagan edi. Lekin Bosh prokuratura va boshqa idoralar bu holatga ko‘z yumgandi.

Bu mojarodan keyin keytering loyihasining yuridik muassisi o‘zgargan va ochilganiga hali 2 oy ham bo‘lmagan Garden Catering nomli kompaniyaga davlat bog‘chalari hech qanaqa tendersiz biriktirib berilgan edi. Hayratlanarlisi shundaki, 2024 yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham, Raqobat qo‘mitasi ham qonunchilik buzilayotganini tasdiqlab, Garden Catering bilan tuzilgan tendersiz kelishuvlarni bekor qilishni talab qilgan, lekin Farg‘ona viloyati hokimligi bu ogohlantirishlarga parvo qilmagandi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov / Foto: Hokimlik matbuot xizmati

Boshqacha aytganda, viloyat hokimining qarorini bekor qilishga respublika darajasidagi naq uchta idoraning kuchi yetmagan. Masalan, o‘shanda vazirlik keytering korxonasidagi taomlar retsepturasi tegishli talablarga javob bermasligi, ovqatlarni tashish va saqlashda sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha tizimli ishlar belgilab olinmagani, ovqatlar sifatini kunlik nazorat qilib borish bo‘yicha laboratoriya yo‘qligini ma’lum qilgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kuni kecha Kun.uz'ga taqdim etgan rasmiy munosabatni o‘qiymiz:

“Farg‘onadagi vaziyat – korrupsiyaga qarshi kurashish qonunchiligi normalariga bepisand qarash va nazorat organlari ko‘rsatmalarini ijro etmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Tender jarayonlarini affillangan shaxslar foydasiga chetlab o‘tish nafaqat budjetga zarar yetkazadi, balki bolalar hayoti va sog‘lig‘ini to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf ostida qoldiradi”.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda kuzatilgan ommaviy zaharlanishdan keyin o‘rganish o‘tkazmoqda. 2025 yil, sentabr / Foto: Vazirlik matbuot xizmati

Farg‘onadagi zaharlanish – o‘tgan yili kuzda Jizzax va Toshkent viloyatlari bog‘chalarida kuzatilgan xuddi shunday holatlardan ko‘p o‘tmay, hali o‘sha jinoyatlar bo‘yicha huquqiy jarayonlar tugamay turib ro‘y bergani e’tiborli. Oliy sudning juma kungi xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda 2 mingga yaqin bolaning zaharlanishi bilan bog‘liq ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan. Bu ishda 11 kishiga, jumladan, ta’minotchi Shark Milk Product kompaniyasining rahbarlari va autsorsing firmalari direktorlariga nisbatan ayblov e’lon qilingan. Ulardan 10 nafari qamoqda, 1 kishiga esa uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Shu kunlarda Farg‘ona shahrida bog‘chadan sog‘-omon qaytmagan yana bir bola ishi bo‘yicha tergov ketyapti. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, ekoshahardagi 66-sonli davlat bog‘chasida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketgan. Murg‘ak bolaning tasavvurga sig‘mas dahshatli og‘riq va azoblarga giriftor bo‘lishini shunchaki baxtsiz hodisa deyish qiyin, jinoyat alomatlari yaqqol ko‘rinib turibdi: mas’ullarning befarqligi shunchalik bo‘lganki, 2 yil oldin foydalanishga topshirilgan bog‘cha hududidagi yuqori kuchlanishli tok manbayi shuncha paytdan beri panjaralar bilan o‘ralmagan, yerto‘ladagi transformator punktining usti esa shunchaki sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.

Baxtsiz hodisa yuz berishidan avvalgi holat

Fojia ro‘y bergandan keyingina TPning atrofi panjara bilan to‘silib, yerto‘la usti mustahkam qilib yopildi. Voqea 18 fevralda ro‘y bergan bo‘lsa, bu haqda 25 fevral kuni Kun.uz xabar berganidan keyingina jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlandi.

Korrupsiya “xit-paradi”

Yana bir sobiq hokim sudda poraxo‘r deb topildi. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanini 6 yil boshqargan Mahmud Xolbo‘tayev o‘tgan yili yozda 10 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushgan edi. Zomin tuman sudining chorshanba kungi hukmi bilan, u Jinoyat kodeksining 4 ta moddasi: pora olish, talon-toroj qilish, vakolatidan chetga chiqish va yer berish tartibini buzishda aybdor deb topilib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U bilan birga ushlangan hokimlik bosh mutaxassisiga esa 7 yil berildi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Hokimlik vakilining bir dasta dollar bilan qo‘lga tushishi bu hafta Toshkent viloyati Qibray tumanida ham kuzatildi. DXX xabariga ko‘ra, tuman hokimining yordamchisi arxiv hujjatlarini soxtalashtirish orqali 4 sotix yerni xaridor nomiga o‘tkazib berish uchun 50 ming dollar talab qilgan, shundan 10 ming dollarini olayotgan paytda ushlangan.

Toshkent shahrida esa prokuror yordamchisi firibgarlik ustida qo‘lga tushdi. Muqaddam Shayxontohur tumani, hozir esa Uchtepa tumani prokurorining yordamchisi bo‘lib ishlovchi shaxs uy yerto‘lasini ijaraga olib berish va’dasi bilan 15 ming olgan paytda ushlangan. Boshqa bir holatda, O‘zbekistondagi yirik banklardan birida katta mansabda ishlovchi shaxs tanishlari orqali 73 mlrd so‘mlik soliq majburiyatini yo‘qotib berish evaziga 110 ming dollar so‘rab, shundan 30 ming dollar avans olgan paytida qo‘lga tushdi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Xayrullo Ibodullayev

Sankt-Peterburgda muhojir vatandoshimiz qahramonlik ko‘rsatdi. 36 yoshli Xayrullo Ibodullayev 7-qavatdan tushib ketgan bolaning hayotini saqlab qolgan. Buning uchun Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham davlat va jamoat faollari unga ehtirom ko‘rsatyapti. O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Ibodullayevga “Jasorat” medali topshirildi. Peterburg gubernatori ham vatandoshimizni ko‘krak nishoni bilan mukofotlab, butun shahar nomidan minnatdorchilik bildirdi. Jamoat faollari esa unga 1 mln rubl (qariyb 158 mln so‘m)lik pul mukofotini taqdim etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Migratsiya agentligi Xayrulloga istagan vaqtda vatanga qaytish uchun aviachiptaga almashtirish mumkin bo‘lgan sertifikat sovg‘a qildi.

Boysundagi M25 konini jilovlashning yo‘li topildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrifi vaqtida ma’lum qildi. “Texnologik murakkab masalaga hamkorlarimiz bilan ilmiy yechim topildi. Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, dedi davlat rahbari. “O‘zbekneftgaz” xabariga ko‘ra, kondagi vaziyatni bosqichma-bosqich barqarorlashtirish uchun Xitoyning CNPC va AQShning Schlumberger kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilyapti. Eslatib o‘tamiz, “Mustaqillikning 25 yilligi” – O‘zbekistonda hali foydalanilmagan eng katta gaz koni hisoblanadi. Ayni paytda, dushanba kungi boshqa bir yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz”ga yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish topshirig‘i berildi.

Surxondaryoga ham yuqori tezlikdagi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Prezident raisligidagi yig‘ilishda aytilganidek, hozir Toshkent–Termiz yo‘nalishidagi poyezd 14 soatdan ko‘proq yo‘l bosadi. Shu sabab Janubiy Koreyadagi hamkorlar bilan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Buning uchun infratuzilmani tayyorlash ishlari joriy yildan boshlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan yo‘lni 30 yil ichida ilk marta ta’mirlash, Termizdan Istanbul va Dubay shaharlariga aviareyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirmoqda. Prezident tashrifi vaqtida Surxondaryoda umumiy qiymati 7 mlrd dollardan oshuvchi jami 44 ta loyihaning qurilishi va faoliyatiga start berildi.

Surxondaryoga oid yana bir xabar: Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Anvar Rajabov o‘qituvchilardan majburiy pul yig‘gani tasdiqlandi. O‘tgan hafta bu tumanda Ramazon oyida kambag‘al oilalarga xayriya qilish uchun maktab o‘qituvchilariga “soliq solingani” haqida Kun.uz xabar bergan edi. Bu hafta ushbu holat rasman tasdiqlandi va hokim o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi. Uning harakatlariga prokuratura huquqiy baho berishi kutilmoqda. Bu hafta, shuningdek, davlat xizmatchilaridan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi sobiq boshlig‘i Tolibjon Saidov ham jamoatchilik diqqat markaziga tushdi: u davlat rahbarining yosh kadrlar korpusini shakllantirish haqidagi topshirig‘idan keyin, bir guruh hamkasblari qatorida tantanali ravishda pensiyaga kuzatilgan, lekin oradan 4 kun o‘tib, “Bojxona servis” davlat muassasiga direktor etib tayinlangan. Kun.uz bu haqda xabar berishi ortidan, Saidov yangi lavozimidan ham bo‘shatildi.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan yo‘l o‘rtadagi masofani 1 soatdan 17 daqiqagacha kamaytirishi aytilyapti. Trassa 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi, uni qurish uchun 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich va 1 ta tunnel barpo etiladi. 120 mln dollarlik DXSh loyihasidagi xususiy investor nomi va tegishli qarorlar oshkor etilmayotgani, investor tendersiz tanlangani, loyihalash ishlari qurilish jarayoni bilan parallel olib borilayotgani kabi qator holatlar – loyihaning shaffofligi va aksilkorrupsion ekspertizasi haqidagi savollarga asos bo‘lmoqda. Kelgusida pulli yo‘ldan yurish uchun qanchalik adolatli narx o‘rnatilishi – ayni shu savollar javobiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi.
 

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid