UWC saralash jarayoni to‘qqiz oy davom etdi. Men taxminan 15 ta esse va ikki tavsiyanoma bilan ariza topshirdim, mantiq, matematika va ingliz tili bo‘yicha onlayn testlarni ishladim. Shuningdek, Dushanbeda 12 kishidan iborat komissiya bilan 90 daqiqalik suhbatdan o‘tdim.

Baholar saralashning faqat dastlabki mezoni edi. Keyingi bosqichlarda komissiyani mening o‘zim tashabbus ko‘rsatib nimalar qilganim ko‘proq qiziqtirdi: yozgi maktabdagi ishtirokim, Model UN’dagi faoliyatim, mentorlik tajribam va jamoam bilan yaratgan mobil ilovam.

UWC nima?

UWC (United World Colleges) - to‘rt qit’adagi 18 ta maktab va kollejni birlashtiruvchi xalqaro ta’lim tarmog‘i. Turli mamlakatlardan kelgan o‘smirlar bir kampusda yashaydi, birga ta’lim oladi va jamoatchilik loyihalarida ishtirok etadi.

Maktabning so‘nggi ikki yilida o‘quvchilar International Baccalaureate (IB) dasturida ta’lim oladi. Ushbu dastur darsliklarni yodlashdan ko‘ra tadqiqot, tanqidiy fikrlash va loyiha ishlariga ko‘proq e’tibor qaratadi.

Siz to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lum bir UWC maktabiga ariza topshirmaysiz. Ariza mamlakatingizning milliy qo‘mitasi orqali topshiriladi. O‘zingiz xohlagan maktablarni ko‘rsatishingiz mumkin, biroq qaysi maktabga nomzod sifatida tavsiya etilishingizni qo‘mita belgilaydi.

Grantlar mavjud. Moliyaviy yordam saralashdan alohida baholanadi. Ya’ni UWCga qabul qilinish va moliyaviy yordam olish ikki xil qarordir.

Meni UWCga jalb qilgan asosiy jihat bitta g‘oya edi: bu yerda faqat baholar muhim emasdi. Ular sizning kimligingiz, nimalarga qiziqishingiz, hech kim so‘ramasdan nimalarni boshlaganingiz va atrofingizdagi odamlarga qanday munosabatda bo‘lishingizni ham bilishni istashardi.

Saralash jarayoni qanday o‘tdi?

1-bosqich. Ariza va esselar

Maktabdagi baholarim va boshqa hujjatlarim bilan birga taxminan 15 ta esse yozdim. Odatdagi savollar - nima uchun bu yerda o‘qishni xohlaysiz, kuchli tomonlaringiz nimalardan iborat - bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo ayrim savollar men ilgari hech qachon o‘ylab ko‘rmagan vaziyat va dilemmalar haqida edi.