Abdumo‘min O‘tbosarov 1960 yilning 24 aprelida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomladi. Ish faoliyatini esa 1981 yildan Adabiy dramatik ko‘rsatuvlar bosh muharririyatida ma'mur sifatida boshlagan. 1985 yildan amaliyotchi suxandon bo‘lib ishlagan. Shu kuyi 3-,2-,1-, va nihoyat oliy toifali diktorlikkacha ko‘tarilgan.

Abdumo‘min O‘tbosarov “Topgan gul” nomli hajviy she'rlar to‘plamini nashr ettirgan. “Begona bahor”, “Hayot-mamot” singari 7-8 filmda rollar ijro etgan. Uzoq yillik mehnatlari munosib taqdirlanib, 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlandi.

31 dekabr kuni televideniye orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi yil tabrigini o‘qib eshittirgan Abdumo‘min O‘tbosarovning salomatligi kutilmaganda yomonlashib, yurak xuruji sababli hayotdan ko‘z yumdi. Kun.uz sayti xalqning qalbidan chuqur joy olgan ushbu inson xotirasini yod olish, muxlislarga u kishining insoniy fazilatlari, efir, sahna ortidagi hayoti to‘g‘risida qisqacha ma'lumot berish maqsadida Abdumo‘min O‘tbosarov bilan uzoq yillar yelkadosh bo‘lgan, hayotning yengil-og‘ir lahzalarini birgalikda o‘tkazgan yaqin do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari bilan videointervyuni tashkil etdi. Quyida mazkur intervyuning qisqa matnini o‘qish bilan bir qatorda, maxsus tayyorlangan videolarni tomosha qilishingiz mumkin.

Muslimbek Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

Abdumo‘min O‘tbosarov teleekran, sahnalar ortida qanday inson edi, degan savolga mendan ham aniqroq javob beradigan odam bo‘lmasa kerak. Aslida odamzod, erkak kishi, haqiqiy yigit qanday bo‘lishi kerak, degan savolga ko‘p jihatdan Abdumo‘minning turmush tarzi, hayotiy prinsiplari, qilgan amallarini misol keltirib, uni namuna sifatida ko‘rsatsa bo‘ladi. Hozirgi 70-80 foiz yigitlarimizga nima yetishmayapti? Yetishmayotgan narsa, menimcha, so‘zga vafo qilish. Abdumo‘min hech qachon bir narsani qilmasa gapirmas edi, agar gapirsa, qilmasdan qo‘ymasdi. So‘zga amal qiladigan yigit edi.

Abdumo‘min 80- yillarning boshlarida menga ro‘baru bo‘lgan bo‘lsa, to o‘sha kundan oxirgi o‘tgan joyigacha tinim bilgani yo‘q. U bir kun ham tinim bilmadi, ish joyida, ish vaqtida dunyodan ko‘z yumdi. Bunday mehnatkash insonni ko‘rgan emasman. Aralashmagan, qiziqmagan sohasi yo‘q edi va erinmasdi. Shu menga og‘ir, demasdi. Respublikaning qaysi joyiga ishga yuborilmasin, qanday sharoit bo‘lishidan qat'i nazar, shu ishni qilib kelardi.