Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududining katta qismida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi, deya xabar bermoqda Oʻzgidromet.

Faqat respublikaning ayrim togʻoldi va togʻli hududlarida, shuningdek, juma kunduzi va 26-sentabrda kechasi Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi kutilmoqda, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Juma kuni Toshkent viloyatining ayrim joylarida kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi ehtimoli bor.

Havo haroratining asta-sekin pasayishi davom etadi. Harorat bugun kunduzi +26…+30 darajani tashkil etadi, janubiy hududlarda +31…+33 darajagacha boʻladi, shanba va yakshanba kunlari asta-sekin +22…+25 darajagacha, janubda +27…+30 darajagacha pasayadi. Havo harorati kechalari +9…+14 daraja boʻladi.

Shamol sharqdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, 26–27-sentabrda shimolda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi. Juma kunining ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin, shanba va yakshanba kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi.

Harorat asosan kechalari +11…+14 daraja, kunduzi 25-sentabrda +26…+28 daraja boʻladi, dam olish kunlari asta-sekin +23…+25 darajagacha pasayadi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.